Poʻlatxon qoʻzgʻoloni

Qoʻqon xon

Poʻlatxon qoʻzgʻoloniQoʻqon xonligida xon va uning amaldorlari zulmiga va chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatiga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni (1873—76). Rahbari — Ishoq Hasan oʻgʻli (1844 — Margʻilon — 1876). Ishoq Hasan Qoʻqondagi Tunqator madrasasida oʻqigan. Andijondagi masjidda imomlik qilgan, savdogarlik bilan ham shugʻullangan. Toshkentga kelib, Abdulmoʻmin otaliq bilan tanishgach, shu yerda vaqtincha yashab qoladi. 1872-yil Sher Dodho boshliq bir guruh qoʻqonliklar Samarqandda istiqomat qilayotgan Poʻlatbekni (Olimxonnnng nevarasi) Qoʻqonga taklif qilib, uni xon qilib koʻtarishga vaʼda qilishadi. Lekin, Poʻlatbek bu taklifni rad etadi. Shundan soʻng qoʻqonliklar Toshkentga kelib, Abdulmoʻmin otaliq bilan uchrashganlar. Ularning iltimosiga koʻra, Ishoq Hasan "Poʻlatxon" nomi bilan qoʻzgʻolonga boshchilik qilishga rozi boʻlgan va Namanganga kelib qoʻzgʻolonga rahbarlik qila boshlagan. Uning tomoniga yirik boy va harbiylar, hatto Xudoyorxonntt oʻgʻli va boshqa qarindoshlari ham oʻtgan. 1875-yil 22-iyulda Xudoyorxon Toshkentga qochishga majbur boʻladi. Xon taxtiga Poʻlatxon va Xudoyorxonning katta oʻgʻli Nasriddinbeklar asosiy daʼvogarlar edi. 1873-yilda qirgʻizlar Poʻlatxonni Qoʻqon xoni deb eʼlon qilgan edilar. Ammo, Xudoyorxon Toshkentga qochgandan keyin Abdurahmon oftobachi Nasriddinbekni xon deb eʼlon qilib taxtga oʻtqizgan. Shu sababli "Poʻlatxon" Abdurahmon oftobachi va Nasriddinxonlarga qarshi kurashni boshlab yuboradi. Oqibatda, Qoʻqon xonligida ikki hokimiyatchilik paydo boʻladi. Buning oldini olib, kuchlarni birlashtirish maqsadida Abdurahmon oftobachi 1875-yil 7-avgustda Chor Rossiyasi mustamlakachilariga qarshi gʻazavot eʼlon qiladi va xalq ozodlik harakatini boshlab yuboradi. "Poʻlatxon" bu harakatni qoʻllab quvvatlaydi, ammo qoʻshinini jangga olib kirmaydi. 1875-yil 23-avgustda Maxram qalʼasi ostonasida ruslar bilan Abdurahmon oftobachining qoʻshini oʻrtasida qattiq jang boʻladi. Qoʻqonliklar magʻlubiyatga uch-raydi. K. P. Kaufman qoʻzgʻolonchilarni birin-ketin tor-mor etib, Qoʻqon, Margʻilon va Oʻsh shaharlarini jangsiz bosib olgan. 1875-yil 22-sentabrda Kaufman Margʻilon shahriga Nasriddinxonni taklif qilib, aholi uchun juda ogʻir boʻlgan shartnomaga imzo chektiradi. Na-tijada, aholi Nasriddinxonga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Nasriddinxon Toshkentga qochishga majbur boʻladi. Poʻlatxon rasman Qoʻqon xoni deb eʼlon qilinadi. Abdurahmon oftobachi ham uni tan oladi, Poʻlatxon bilan yarashib harbiy kuchlarini birlashtiradi. Rus askarlari bilan boʻlgan janglarda kuchlar teng boʻlmagani natijasida Poʻlatxon magʻlubiyatga uchraydi. 1876-yil 1-martda Margʻilon shahrida dorga osib oʻldiriladi.

Yana qarang tahrir

Adabiyot tahrir

  • Bobobekov H. N., Poʻlatxon qoʻzgʻoloni, T., 1996;
  • Qoʻqon tarixi, T., 1996.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil