Polvon kachal
Polvon kachal, Kachal polvon — oʻzbek anʼanaviy qoʻgʻirchoq teatrining qahramonlaridan biri. U, asosan, qoʻgʻirchoq teatrining qoʻgʻirchoqlar qoʻlga kiyib oʻynatiladigan "Chodir jamol" turi tomoshalarida qatnashgan. Polvon kachal tomoshalari 14-asrdan boshlab xalq orasida mashhur boʻlib kelgan. Polvon kachalning bosh qismi yogochdan yasalib, egniga koʻylak, chopon, boshiga doʻppi (qalpoq) kiydirilgan. Kirra burun, baroqqosh, oddiy xalq vakili sifatida namoyon boʻlgan. Qoʻgʻirchoqboz Polvon kachal qoʻgʻirchogʻini oʻng qoʻli barmoklariga qoʻndirib hara-katga keltirgan. Bizgacha turli vari-antlarda "Polvon kachal sarguzashtlari" komediyasi yetib kelgan. Komediya koʻpincha 3 koʻrinishli boʻlgan: birida Polvon kachalning Bichaxon ismli qizni sevib qolishi, uchrashuvi va uylanishi, ikkinchisida oʻz iti tomonidan talanishi, uchinchisida Polvon kachal bilan Sudxoʻr oʻrta-sidagi toʻqnashuv aks ettirilgan. Polvon kachal ham kulgili holatlarga tushib qoluvchi, feʼl-atvori ham ziddiyatli qahramon. U butun ziddiyati, ijobiy va sal-biy belgilari bilan hayotiy, xalqchildir. U hamisha xushchaqchaq hodsa hayotida uch-ragan toʻsiqlarni yengib oʻtgan, yomon amaldor va sudxoʻrlarni fosh etgan, adolat va rostgoʻylikni himoya qilgan.
Polvon kachal dunyodagi Koragyoz (Turkiya), Pulchinello (Italiya), Polishinel (Fransiya), Ponch (Angliya), Petrushka (Rossiya) kabi qoʻgʻirchoq teatri qahramonlaridan.
Adabiyot
tahrir- Gavrilov M., Kukolniy teatr Uzbekistana, T., 1928; Qodirov M., Xalq qoʻgʻirchoq teatri, T., 1972.
Muhsin Qodirov.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |