Populyatsiya
Biologiyada Populyatsiya - aniq yashash arealini egallagan va maʼlum darajada zamon va makonda bir-biriga oʻzaro taʼsir koʻrsatadigan organizmlar guruhi. Populyatsiyadagi genetik oʻzgarishlar turlarning kelib chiqishi, yangi oʻsimlik navlari, hayvon zotlarini yaratish va boshqa asosini tashkil qiladi. „Populatsiya“ terminini daniyalik genetik Wilhelm Johannsen genetik jihatdan bir xil boʻlmagan individlar guruhini sof liniya (genetik jihatdan bir xil boʻlgan guruh)dan farq qilish uchun taklif etgan (1903).
Tabiatda populyatsiyaning turli xil tiplari uchraydi: yopiq populyatsiya (faqat bir-biri bilan juftlasha oladigan individlar guruhi); panmiktik populyatsiya (individlar juftlashishi juft tanlamasdan amalga oshadi); mendelcha populyatsiya (bir geografik arealda tarqalgan, koʻpayish va boshqa xususiyatlari bir xil boʻlgan individlar majmui); izogen populyatsiya genetik jihatdan aynan oʻxshash, yaʼni barcha lokuslar (xromosomaning bir gen joylashgan chiziqli uchastkasi) boʻyicha koʻpchilik hollarda gomozigota boʻlgan individlar guruhi; muvozanatlangan populyatsiya — genlar chastotasi (takrorlanishi) mutatsion va seleksion tazyiqlar oʻrtasidagi muvozanatga asoslanib oʻzgarib turadi va tasodifiy juftlashish prinsipiga koʻra juftlashishda hamda lokuslararo erkin rekombinatsiyalanishda genotiplarning amaldagi chastotasi nazariy kutilgan holatga moye keladi. Fanda mavjud boʻlgan ideal populyatsiya tushunchasi tabiatda uchramaydi va u faqat matematik modellarda hisobga olinadi. Masalan, zogʻora baliq yirik koʻllarda 2 ta populyatsiya hosil qiladi, ulardan biri qirgʻoq yaqinida yashab, mayda hayvonlar bilan oziqlanadi va sekin oʻsadi; ikkinchisi suvning chuqur qismida yashab, baliklar bilan oziqlanadi va tez oʻsadi; gʻoʻzaning yovvoyi turlari, shuningdek, ekiladigan navlari populyatsiyasi harorat, yorugʻlik, suv rejimi, oziqlanish va boshqalarga nisbatan turlicha reaksiyalar bilan harakterlanadigan juda koʻp guruxlardan tashkil topgan.
Tabiatda populyatsiyalarning aralashib ketishiga geografik (suv havzasi, togʻ, oʻrmon, choʻl), biologik (jinsiy apparatning tuzilishida kuyikish va uya qurish, oʻsimliklarda gullash muddatida farq boʻlishi), ekologik (yashash muhiti — namlik, tuproq tarkibida farq boʻlishi) alohidalanish toʻsqinlik qiladi. Populyatsiya evolyusiyaning eng kichik va asosiy birligi hisoblanadi. Chunki evolyusion jarayon populyatsiya ichida boshlanadi. Populyatsiya individlari orasida doimo irsiy oʻzgaruvchanlik paydo boʻlib turadi. Jinsiy koʻpayish tufayli bu oʻzgaroʻvchanlik populyatsiya individlari orasida tarqalib, uni geterogen qilib qoʻyadi. Populyatsiyada boradigan yashash uchun kurash va tabiiy tanlanish tufayli foydali oʻzgarishlarga ega boʻlgan individlar saqlanib qolib, nasl beradi. Bundan keyingi evolyutsion jarayonlarda populyatsiya kenja turni hosil qiladi.
Populyatsiyalar klassifikatsiyasi
tahrirPopulyatsiyalar egallagan hududi va ular o'rtasidagi aloqaning darajasiga qarab quyidagicha farqlanadi: elementar (bo'laklangan), ekologik va geografik.
Elementar populyatsiya - guruhlarning eng kichik bo'lagi bo'lib, bir-birini to'ldiradi.
Ekologik populyatsiya - aralash elementar populyatsiyalarni ma'lum bir muhitda o'zaro bog'liqligi.
Geografik populyatsiya ma'lum bir joydagi aralash ekologik populyatsiyalarning o'zaro bog'liqligidir.
Populyatsiyalar ko'payish usullariga qarab panmiktik, klonal va klonal-panmiktiv bo'ladi. Panmiktik populyatsiyalar jinsiy yo'l bilan ko'payib chetdan changlanishga moyil bo'ladi. Klonal populyatsiyalar faqat jinssiz ko'payishga moyil bo'ladi. Klonal-panmiktiv populyatsiyalar bir marta jinsiy, bir marta jinssiz yo'l bilan ko'payadilar.
Populyatsiyalarning son jihatdan ta'rifi
tahrirSon jihatdan xarakteristikasiga ko'ra populatsiyalar statistik va dinamikka bo'linadi. Populyatsiyaning statistik ko'rsatkichlar xarakteristikasi hozirgi vaqtdagi ularning soni, joylashishi, zichligi va struktura tuzilishi xarakteristikasidan iborat. Dinamik ko'rsatkichlar populyatsiyada ma'lum davr oralig'idagi bo'ladigan tug'lish, o'lish va populyatsiyalarning o'sishi jarayonlarini o'z ichiga oladi.
Soni, miqdori - alohida populyatsiyalarning soni, masalan, o'simliklar soni
Zichligi - ma'lum maydonga yoki hajmga to'g'ri keladigan populyatsiyalarning biomassasi yoki alohida soni bo'lib, ular vaqtlar davomida o'zgarishi mumkin.
Adabiyot
tahrir- Bigon M., Harper J., Taun-send K., Ekologiya. Osobi, populyasii i soobshestva, v 2-tomax. Perevod s ang ., M., 1989; Xoliqov P. va boshqa Biologiya, T., 1996; Mavlyanov O., Biologiya, T., 2003.
- Abdukarim Zikiryoyev, Ochil Mavlonov.[1]
- Dilorom Yormatova, Ekologiya. "Fan va texnologiyalar nashriyoti", Toshkent., 2012
- Manbalar