Poyabzal
Poyabzal — oyoq kiyimi. Oyoqni issiq, sovuq, nam, loy, chang va shikastlanishdan saqlaydi. Ibtidoiy odamlarni tabiat noqulayliklari (issiq-sovuq, yomgʻir-qor, chang-toʻzon, tikanak kirishi, chagʻir tosh botishi, ilonchayon chaqishi va boshqalar) oyoqlarini biron-bir narsa bilan himoya qilishga majbur qilgan. Ular qayerda (issiq yoki sovuq oʻlkalarda, seryogʻin yoki qurgʻoqchil joylarda, pasttekisliklar va togʻli joylarda) yashashlariga qarab, yalang oyoq yurishgan, chipta kavush, choriq, yogʻoch, kigiz, charm yoki moʻyna poyabzal kiyishgan. Ularni toʻqish, yoʻnish va tikish usullari asta-sekin takomillashtirilib borilgan. Masalan, ilgari Oʻrta Osiyo xalqlari, asosan, etik, maxsi, kavush kiyishgan. Poyabzal, asosan, qoʻlda tikilgan. Keyinchalik (19-asr oʻrtalaridan), botinka, tufli, sandal, shippak, piyma, kalish, sport poyabzallari, tibbiy, harbiy va maxsus ish poyabzallari kiyish rasm boʻldi. Erkaklar poyabzali — mardona, ayollar poyabzali zaifona, bolalar poyabzali — bachkana deb atalgan. Hozir poyabzali tikishga oid deyarli barcha jarayonlar mexanizatsiyalashtirilgan, lekin qoʻlda tikish usullari ham saqlanib qolgan.
Poyabzal asosan, satx (yuza) va tag-charmdan iborat. Satx boʻlaklari ipli chok bilan biriktirilsa, tanovar (charm, gazlama, sunʼiy charm zagotovka) hosil boʻladi. Tagcharmga charm, rezina, plastmassacharm, yogʻoch ishlatiladi. Tagcharm boʻlaklari poshna, patak, naboyka va boshqa shaklda qoʻdda (tigʻ bilan) yoki maxsus presslarda kesiladi. Sunʼiy charm boʻlaklari poyabzal korxonasiga tayyor holda keltiriladi.
Poyabzal tikish texnologiyasi: materialni bichish, boʻlaklarni biriktirishga tayyorlash.tanovorni tikish va biriktirish, unga shakl berish, tagcharmni satxga biriktirish va tayyor poyabzalni pardozlash, tanovorni qolipga tortish va patak biriktirish (mixlab, yelimlab va ipli chok bilan) ishlari maxsus mashinalarda bajariladi. Tagcharmni tanovorga biriktirishning mexanik, rantli, sandal, yarim sandal, yelimlash va boshqa usullari bor. Poyabzal mustahkamligi va tashqi koʻrinishi koʻp jihatdan biriktirish sifatiga bogʻliq. Tanovorga tagcharm biriktirilgandan soʻng mahkamlash mashinasida poshna qoqiladi. Poyabzalga zarur shakl berish uchun ishlatiladigan moslama (press) qolip deb ataladi. Qolip, asosan, old va orqa qismlardan iborat. Tanovorni qolipga tortish paytida bu qismlarni bir-biriga yaqinlashtirib va bir-biridan uzoqlashtirib, zarur oʻlchamga keltirish mumkish. Qolip yogʻoch, metall yoki plastmassadan yasaladi.
Tayyor poyabzalni pardozlash ishlari ham, asosan, maxsus mashinalarda bajariladi. Ayrim ishlargina qoʻlda qilinadi. Umuman, poyabzal tikishda 120 ga yaqin mashina va moslamalar qoʻllanadi. Poyabzal oʻlchami (nomeri) patakning shtixlar (1 shtix — 2/3 kiyem), santimetrlar yoki dyuymlarda oʻlchanadigan uzunligini bildiradi. Oʻzbekistonda, asosan, san-timetrli sistema qoʻllanadi. Poyabzal oʻlchamlari boʻyicha (santimetrlarda oʻlchanganda) chaqaloqlarga (7 — 14), bogʻcha yoshidagilarga (14,5—17,5), bolalarga (18—25), ayollarga (22—28), erkaklarga (25,5—31,5) moʻljallangan xillarga boʻlinadi. Oʻzbekistonda Poyabzal tikish hunarmandchilikning muhim turi boʻlib, uni qoʻlda tikish hozir ham keng koʻlamda saqlanib qolgan (qarang Koʻn-poyabzal sanoati).[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |