Proyektor (lotincha- projicio – oldinga tashlayman) – detal, diapozitiv, negativ, fotosurat, xarita yoki chizma tasvirini kattalashtirib, kichiklashtirib va oʻz oʻlchamida ekranga tushirish uchun moʻljallangan optik asbob. Diaskopik, episkopik va epidiasko-pik xillari bor. Diaskopik P. (proyeksiyey apparatlar, kinoproyek-torlar) tiniq obʼyektlar tasvirini ular orqali oʻtadigan yorugʻlik nurlari yordamida ekranga tushiradi. Episkopik P. yorugʻlik oʻtkazmaydigan obʼyektlardan qaytgan nurlar yordamida tasvirni hosil qiladi. Epidiaskopik P.da ikkala usul jamlangan. P. kinotexnika, fototexnika, haritagrafiya, nusxa koʻchirish texnikasi, aniq mexanizmlarning oʻlchamlarini oʻlchash va boshqa sohalarda qoʻllanadi.[1] Proyektor bu – teskarisiga ishlaydigan fotoapparat desa ham boʻlaveradi. Fotoapparat – tasvirni oʻzidagi plyonkaga proyeksiyalaydi. Proyektor esa aksincha, oʻzidagi plyonkadagi (yoki, boshqa biror manbadagi) tasvirni ekranga proyeksiyalaydi. Lekin, proyektorning fotoapparatdan farq qiladigan oʻziga xos jihatlari ham mavjud.

Birinchidan, proyektor ekranda hosil qilgan tasvirning yorqinligi zalda oʻtirganlarning hammasiga birdek tiniq koʻrinadigan darajada boʻlishi lozim. Ekran maydoni kattalashgan sari, proyektor hosil qilayotgan tasvir sifati ham xiralashib boradi. Shuning uchun, ekran oʻlchamlariga muvofiq tasvir tiniqligi va yorqinligini sozlash talab etiladi. Masalan, ekrandagi tasvir maydoni kengligini ikki barobar oshirilishi umumiy maydonning toʻrt karra kattalashuviga sabab boʻladi. Bunday holatlarda tasvir yorqinligi va tiniqligini saqlash uchun, proyektor ekranidan chiqayotgan yorugʻlik miqdori ham tasvir kengligiga proporsional kuchayishi lozim boʻladi.

Kinoteatrlar ataylab qorongʻulashtiriladi. Shundagina ekranga tushirilgan tasvir yorqinligi sifati nisbatan yaxshi boʻladi. Bunda, proyektorning plyonkani (umuman, tasvir manbaini) yorituvchi nuri istisnosiz ravishda faqat oq boʻlishi lozim. Shundagina, proyektorda hosil qilingan rangli tasvirlar oʻzining asl tabiiy rangida proyeksiyalanadi. Bunday ham juda yorqin va oppoq rangdagi kuchli yorugʻlik nuri oqimini hosil qila oladigan yagona manba bu – gaz razryadli lampalardir.

Yaqin-yaqinlargacha proyektorlarda koʻmir elektrodlari asosida ishlaydigan elektr yoyili lampalardan foydalanilar edi. Bunday lampalar koʻzni kuchli qamashtiriadigan darajada oʻta yorqin oq nur taratadi. Ularda koʻmir sterjenlar orasida hosil boʻladigan elektr razryadi tufayli oq nurli yorugʻlik chiqariladi. Razryad boshlanishi uchun ikkita sterjen bir lahzaga oʻzaro tutashtiriladi. Hosil boʻlgan razryad havo bilan toʻldirilgan kichik boʻlmachada rivojlanadi. Sterjenlar oʻrtasida elektr tokini oʻzaro tashiy oladigan zaryadlangan zarralar mavjud boʻlgan paytda boʻlmachadagi razryad ham barqaror turadi. Lekin, bunday proyektorda sterjenlar asta-sekinlik bilan havoda yonib, tugab boradi. Shuning uchun ularni vaqt davomida bir-biriga yaqinlashtirib turadigan moslama ham qoʻyilar edi.

Keyinchalik, proyektorlarda bu turdagi koʻmir elektrodli lampalar oʻrniga ksenon yoki, kripton bilan toʻldirilgan va metallarning galogenidlari qoʻllanadigan elektr yoy lampalari qoʻllanila boshladi. Bunday lampalar ichida yuqori bosim mavjud boʻladi va ularda kuyib ketadigan koʻmir sterjenlarini muntazam almashtirish singari injiqliklari boʻlmaydi. Boz ustiga, nodir gazlar va metallar galogenidlari qoʻllangan bunday lampalar proyektorga oʻta yorqin oq nurli yorugʻlik chiqarib bera oladi. Biroq, bunday lampalarning tannarxi juda qimmat boʻlib, xizmat muddati ham ancha qisqa. Bunday lampalarning eng katta kamchiligi – elektrodlardan uchib chiqqan moddalarning lampa shishasiga ichkaridan yopishib qolishidir. Bunday yopishib qolish natijasida vaqt davomida lampa ichidan xiralashib, qorayib ketadi. Oxir-oqibat uni almashtirish shart boʻlib qoladi.

Proyektor ish jarayonida yorqin oq rang parabolik koʻzgu yordamida toʻplanadi va tasvir manbasi (plyonka) orqali oʻtkaziladi. Yorugʻlikni bu tarzda intensiv parallel oqimga yoʻnaltirish jarayonini fanda kollimatsiya deyiladi.

Yorqin oq rang bilan yoritilgan manbadagi tasvir proyektor linzasi orqali ekranga borib tushadi va haqiqiy tasvirni hosil qiladi. Bunda shunchaki, agar plyonkadagi tasvir haqiqiy obyekt tasviriga nisbatan teskari boʻlsa, linza orqali ekranga tasvir tushirishda ham, tasvirni qayta oʻnglash kerak boʻladi. Chunki, optika sirlaridan xabardor mutolaachilarimiz yaxshi bilishganidek, linza orqali olinayotgan optik tasvirlar odatda manbaga nisbatan teskari proyeksiyalanadi.

Biz nimaga gap orasida plyonka soʻzini baribir koʻp esga olib oʻtyapmiz? Chunki, deyarli 1 asrdan ziyod vaqt mobaynida proyektorlar faqat plyonka bilan ishlashgan. Masalan, kinoteatrlarda kinofilmlarni namoyish qilishda kinolenta oʻramini kinoproyektor orqali ekranda namoyish qilingan. Yoki, maktab va oliygohlarda diafilmlar va slaydlarni namoyish qilishga moʻljallangan filmoskop-diaproyektorlar mavjud boʻlgan. Kinoplyonka, yoki, fotoplyonka esa oq yorqin yorugʻlik nuridagi keraksiz qismlarni oʻzida yutib qolib, aksincha, oʻzida mavjud tasvirlarga mos nurlarni oʻtkazish orqali, ekranda kerakli tasvirni hosil qilib bergan. Kinoproyektor uzun metrajli plyonkadagi tasvirlarni uzluksiz almashtirish orqali ekranda harakatli tasvirlar paydo qilishga xizmat qilgan. Diaproyektor esa plyonkadagi bitta slaydni uzoq vaqt ekranga proyeksiyalab turishga xizmat qiladi. Bunday maqsadlarda avvaldan tasvir tayyorlangan plyonkadan tashqari, ish jarayonida yozish-chizish mumkin boʻlgan plastinkani ham qoʻllash mumkin. Bu tarzda proyeksiyalovchi proyektorni grafoproyektor deyiladi.

Katta avlod vakillari yaqin-yaqingacha kinoteatrlarda kinolentadan proyeksiyalangan kinofilmlarni tomosha qilishganini yaxshi eslashadi. 2000-yillar boshidan boshlab esa, kinolenta oʻrnini avval videotasmali, keyin esa raqamli videotexnika vositalari egallab bordi va proyektorlar ham shunga moslashdi. Kinoproyektorda kinofilmlarni namoyish qilish murakkab jarayon boʻlgan. Chunki, bunda shunchaki plyonkadagi tasvirlarni proyeksiyalashdan tashqari, unga moslab tovush ham uzatish kerak boʻladi. Kinoproyektor diaproyektordan farqli ravishda, atiga bitta slaydni namoyish etib turmaydi; kinoproyektorda plyonkadagi kadrlar uzluksiz almashinib turadi va shuning asosida ekranda harakat tasviri yuzaga keladi. Kinoproyektorlar odatda soniyasiga 24 ta kadr almashlab tasviriy ketma-ketlik uzatadi. Bu degani, proyektorda har soniyada 24 ta kadr bir-birining oʻrnini almashadi deganidir.

Agar soniyasiga 24 ta kadr almashsa, unda biz qanday qilib kinoni uzluksiz uygʻunlikda koʻramiz? Hamma gap sizu bizning koʻzlarimizning ilgʻash qobiliyatida. Koʻzlarimizning oʻta tez almashadigan kadrlar ketma-ketligini ilgʻamasligi „ilgʻash inersiyasi“ deb nomlanadigan hodisa tufaylidir. Ilgʻash inersiyasi tufayli biz kinoda va teleekranda kadrlar orasidagi almashinuvni sezmaymiz. Yaʼni, bunda koʻzlarimiz bir-birini oʻta tezkor jadallik bilan almashtirayotgan va aslida alohida-alohida kadrlar ketma-ketligidan iborat boʻlgan tasvirlarni (stop-kadrlarni) yagona yaxlit uygʻunlikda qabul qilaveradi. Biz shunchaki jadal almashayotgan stop-kadrlar va aslida uzluksiz boʻlgan tasvirli uzatmalar orasidagi farqni koʻra olmaymiz.

Ilgʻash inersiyasini 1824-yilda ingliz vrachi Piter Roje (1779-1869) kashf qilgan. Koʻzning bunday inersiyasiga asoslanib ishlaydigan koʻplab optik oʻyinchoqlar XIX-asr oʻrtalarida juda ommalashgan edi. 1894-yilga kelib esa Tomas Edison ixtiro qilgan kinetoskop tufayli odamlar oʻzlaridagi ilgʻash inersiyadan bexabar holda, „harakatlanuvchi tasvir“larni koʻrishga muvaffaq boʻlishdi. oʻshanda Edison atiga 15 soniya davom etgan va harakatlanayotgan obyektlar va odamlar tasvirlangan plyonkani kinetoskop orqali proyeksiyalab namoyish qilgandi. Bunday kinetoskopda tomoshabin okulyar orqali selluloid fotoplyonkani kuzatgan. Fotoplyonka esa yorugʻlik nuri manbasi oldiga oʻrnatilgan boʻlib, uzluksiz harakatlanib turgan

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil