Psammofitlar
Psammofitlar (lot. psammos — qum va ...fit) — uchma qumlarda oʻsadigan choʻl oʻsimliklari. Shamol qumni uchirganida ildizining ochilib qolmasligi, qum koʻmib qoʻymasligi va qumda koʻmilib qolgan urugʻining koʻkarib chiqishi uchun turli moslanishlar hosil qilgan. Daraxtlar va butalar, qumda koʻmilib qolgan poyasidan kuchli rivojlangan ildizlar (saksovul, qandim); qumdan chiqib qolgan ildizlardagi qoʻshimcha kurtaklardan novdalar hosil qilish (qum akatsiyasi va boshqalar) xususiyatiga ega. Oʻtsimon P. qalin qum qatlamidan oʻsib chiqa oladigan ipsimon uzun, tez oʻsadigan ildizpoya hosil qiladi (iloq). Koʻpchilik P. — efemerlar. Koʻp yillik P.ning barglari mayda, reduksiyaga uchragan yoki barglari boʻlmaydi, poyasi orqali fotosintez va transpiratsiya qiladi (saksovul). P.ning mevasida turli xil oʻsimtalar va tuklari boʻlishi tufayli shamolda yaxshi uchganidan qumda koʻmilib qolib ketmaydi.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |