Pu Shou-gen
Pu Shou-gen — Pu Shou-gen XIII asrning 40-70 yillarida Sun imperiyasi qulagunga qadar janubiy Xitoyda tashqi savdoda katta rol oʻynagan arab yoki fors musulmon savdogari. shu davrda Xitoyda pu-arabcha Abu nomini xitoycha talafuzidagi familiya tarqalgan. Pu Shou-genning bobosi Tyampa (hozirgi Janubiy Vetnam) da savdo ishlari bilan shugʻullangan. Shuningdek, Guandun va Guansi oʻlkalaridagi eng boy shaxs sifatida tilga olinadi. 1214-yilda Pu Shou-genning otasi Pu Kay-tszun Guanchjoy oʻlkasining Syuanchjou shahriga koʻchib oʻtgan. Sun davlati poytaxtining Syuanchjoudan uzoqda boʻlmagan Xanchjou shahriga koʻchirilishi Syuanchjouni yirik savdo markazi va xorijiy kemalar koʻplab keladigan portga aylantirgan. XIII asrning 40-yillaridan boshlab Pu Shou-gen Syuanchjouda bojxona inspektori boʻlgan va keyingi oʻttiz yil davomida Xitoyning janubiy dengizlar bilan savdo aloqalarini boshqargan[1]. Sun imperiyasining soʻnggida va Yuan sulolasining boshlarida Syuanchjou yirik port va savdo markazi boʻlib, deyarli barcha xorijiy savdo kemalari shu yerda toʻplangan. Sun shi manbasida Pu Shou-gen davlat amaldori boʻlsada, oʻzining koʻplab kemalariga ega boʻlgan va faol savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Uning kuyovi Fo Lyan (?—1293) ham Xitoyning eng boy kishilaridan boʻlib, 80 ta savdo kemasiga egalik qilgan. Sun sulolasi soʻnggida Pu Shou-gen Futszyan oʻlkasining fuqarolik ishlari boshligʻi va qirgʻoq boʻyi hududlari harbiy boshligʻi etib koʻtarilgan. Shu bilan bir qatorda Syuanchjou bojxona boshligʻi lavozimi ham saqlanib qolingan. Bu Pu Shou-genning janubiy Xitoydagi barcha fuqaroviy va harbiy kuchlar qoʻlida toʻplanganligini anglatadi. Sun imperiyasining Syuanchjoudagi savdogarlarning kemalari va boyliklarini, shuningdek, Pu Shou-genning ham kemalalarini davlat ixtiyoriga majburiy olib qoʻyishi natijasida Pu Shou-gen moʻgʻullar tomoniga oʻtib ketgan. Va 1279-yil dengiz jangida Sun imperiyasi admirali Chjan Shi-tsze dengiz jangida magʻlub boʻlib, Sun imperiyasi qulagan. Moʻgʻullarga koʻrsatga yordami evaziga Szyansi va Futszyan oʻlkalari boshligʻining muovini etib tayinlangan. Xubilay tomonidan davlat mansabdorlarining tashqi savdo ishlari bilan shugʻullanmasliklari toʻgʻrisida buyruq chiqarishi natijasida Pu Shou-gen savdo ishlaridan chekingan. Moʻgʻullar davrida janubiy dengizlar hududi bilan tashqi savdo qisqarib ketgan[2].