Xubilay

Xitoyning Yuan sulolasiga asos solgan imperator

Xubilay, Qubilay (1210-1294) — Moʻgʻullar davlati hukmdori, qoon (1260—94). Tulixonning 4oʻgʻli, Chingizxoining nabirasi. Onasi — Surquktani kerayt qabilasi begi Vanxon Toʻgʻril (Oʻnxon)ning jiyani boʻlgan. 1251 yilda X. moʻgul zodagonlarining buyuk qurultoyida raislik vazifasini ado etgan. Shu paytdan eʼtiboran u Munke qoon farmoniga muvofiq, moʻgʻullar tomonidan bosib olingan Xitoy yerlarini boshqargan. Pekin shahridan taxminan 550 km shim.da Kaypin shahrini barpo etgan, u keyinchalik Shandu deb atalgan. Munke vafotidan soʻng (1259) X. va uning ukasi Ariqbuqo oʻrtasida taxt uchun kurash boshlangan. 1260 yil X. oʻzini xoqon deb eʼlon qilgan va oʻz poytaxtini Kaypinga koʻchirgan. X. 1260 yilning kuzida xos Moʻgʻuliston hukmdori Ariqbuqo poytaxti Qoraqurumni qoʻlga kiritgan. X.ga qarshi olib borilgan harbiy harakatlarda magʻlubiyatga uchragan Ariqbuqo 1264 y. unga taslim boʻlgan. 1271 yilda X. hozirgi Pekin yaqinida yangi poytaxt qurgan va unga Xonbalgʻasun (xoqon shahri) deb nom bergan. Moʻgʻullar sulolasini esa Yuan nomi bilan yurita boshlagan. 1266 yilda X. ilk bor Yaponiyaga elchi yuborgan. Ayni chogʻda uning buyrugʻiga binoan, koreys ustalari tomonidan mingta yogʻoch kemalar qurib tugatilgan. 1270 y. 2marta Yaponiyaga elchilar joʻnatilgan. 1279 y. Jan. Sun davlati yoʻq qilingan va Xitoy mamlakati butunlay moʻgʻullar tasarrufiga kirgan. 1280 y. Yaponiyaga bostirib kirishga harakat qilingan. Lekin Yaponiya qirgʻoklarida yuzaga kelgan kuchli dovul tufayli bu yurish muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 1283 yilda Birma bosib olingan. 1258, 1285 va 1287 yillarda X. Annam (Vyetnam) yerlariga suqilib kirgan. Bu yurishlar paytida moʻgʻul armiyasi jangovar fillardan jangda foydalanishni oʻrgangan. 1293 yilda Indoneziyaning Yava va boshqa orollaridagi davlatlar Yuan sulolasiga boʻysundirilgan. 1264 yildan umrining oxirigacha X. Ariqbuqo siyosatini qoʻllabquvvatlagan. Qaydu noʻyon (Oʻqtoy qoon nabirasi) isyoniga qarshi kurash olib borgan. X. zamonida uning hukmiga asosan, qogʻoz pullar muomalaga kiritilgan, toʻplar quyish yoʻlga koʻyilgan, aloqa yoʻllari rivojlangan, yomxonalar barpo etilgan. Xitoyda qoramol hamda otlar zotlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. X. farmoniga kura, kvadrat shaklli yozuv ixtiro qilingan. X. Tibet lamasi Pagbani davlat maslahatchisi etib tayinlaydi. Harbiy sanʼat bobida u Marko Polo singari yevropaliklar xizmatidan foydalangan. Moʻgʻullarning xitoylashuviga qarshi choratadbirlar koʻrgan. U Xitoyda koʻpdankoʻp budda ibodatxonalari barpo etgan. Manbalarning dalolat berishicha, X.ning 12 oʻgʻli boʻlgan. X. sulola taxtini nevarasi Temur xoqonga qoldirgan.

Хубилай

Ad.:Rashid adDin, Sbornik letopisey, t.2, M.L., 1960; Bichurin N.Ya., Sobraniye svedeniy o narodax, obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena, t.2, M.— L., 1950.

Hamidulla Dadaboyev.