PYER KORNEL (1606-1684)—Fransuz adabiyotining mashhur dramaturgi Ruan shahrida tugʻiladi.

Ijod yoʻli

tahrir

Dastlabki ijodini komediyadan boshlaydi. Uning „Melita“ (1629) komediyasi dovruq qozonadi. Soʻng „Klitandr“. „Sud hay’ati“, „Qirollik maydoni“ (1631-1636) dramalari birin-ketin yoziladi. Kornel oʻzining „Sid“ tragediyasi bilan mashhur boʻladi. Tragediya ispan qahramonlik eposining yorqin namunasi boʻlgan „Sid haqida qoʻshiq“ asari taʼsirida yozilgan. „Sid“ nihoyatda mahorat bilan yozilgan boʻlsa-da, dramaturgning Parijdagi muxoliflari uni obroʻsizlantirish maqsadida „koʻchirmachi“ deb haqorat qiladilar, shaʼnini yerga urishga urinadilar. Bundan qattiq taʼsirlangan Kornel oʻz ona shahri Ruanga ketib qoladi. Ancha vaqt ijod bilan shugʻullanmay, soʻngra „Goratsiy“, „Sinni“, „Edit“ (1659) tragediyalarini yaratadi. 1667-yilda yana Parijga qaytib kelib, mashhur dramaturg Rassin bilan uchrashadi. Bu yerda „Pompey“, „Atill“, „Heraklius“ tarixiy tragediyalarini yaratib, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlib, mashhur dramaturg sifatida taniladi. Tragediyada ham Radrigo Dias obrazi berilgan boʻlib, Sid uning laqabi, „Janob“ degan maʼnoni anglatadi. Kornel tarixiy tragediyalar yaratishda davom etadi. Har qancha tuhmat va malomat toshlari yogʻilmasin, tarixdagi qahramonlarni, afsonaviy syujetlami qalamga olaveradi. Muarrix Tit Liviyning tarixiy kitoblariga asoslanib „Goratsiy“ (1639), Oktavian Avgust bilan bogʻliq voqealarga tayanib „Vina yoki Avgust marhamati“ (1639) asarini yozadi. Kornel Evripidning „Medeya“ tragediyasi va Seneka ijodi durdonalaridan ilhomlanib „Medeya“ (1635) asarini yozgan edi. Kornel tarixni qayta tiriltirgan, xalq qahramonlariga qaytadan hayot baxsh etgan ulug‘ dramaturgdir. Kornelning boshqa tragediyanavislardan farqli tomoni ham shunda. Kornel „Qallob“ (1643) asari orqali o‘z mahoratini komediya janrida ham sinab koʻradi. Adib oʻz komediyasini yaratish chogʻida yana oʻsha anʼanani davom ettirib, Alarkoning „Shubhali haqiqat“ komediyasiga bir qadar oʻxshash voqeani tanlaydi va buni oʻzi ham tan olib, ulugʻ komediya ustasi ijodidan bahra olganligini taʼkidlaydi.

[1]

  1. "Jahon adabiyoti" Fayzulla Boynazarov