Qo‘yliq qishlog‘i
Qoʻyliq qishlogʻi – hozirgi Toshkent shahrining Qoʻyliq mavzesi oʻrnida mavjud boʻlgan qishloq. Qishloq XIX asr ikkinchi yarmida Toshkentdan 2 versta (taxminan 2 km) masofada joylashgan edi.
Umumiy maʻlumotlar | |
---|---|
Mamlakat | Turkiston general-gubernatorligi |
Tarixiy tuman | Qurama (Toshkent) uyezdi |
Kim sharafiga nomlangan | Qo‘yliq ota |
Nomlanishi
tahrirQishloq va unga tutash hududlarning „Qoʻyliq“ deb nomlanishi haqida, asosan, uchta fikr mavjud. Aholi, koʻpincha, avvallari bu yerlarda qoʻy bozori boʻlgan, shu sababli ham „qoʻyliq“ deb nomlanadi, deb tahmin qilib kelsa, baʼzi olimlar bu yerda suv quyilish joyi boʻlgan, shuning uchun „qoʻyliq“ – bu „suv quyilishi joyi“ deb izoh beradilar. Biroq, fanda yana bir fikr mavjud boʻlib, „qoʻyliq“ soʻzi antropotoponim ekani taʼkidlanadi[1]. Aniqrogʻi mazkur hududda XVII asrda taniqli shaxs Qoʻyliq ota yashab oʻtgan, bu yerda, hatto, uning qabristoni ham mavjud. Shu bois ushbu joylar uning nomi bilan atalgan.
Tarixi
tahrirXIX asrning oxirlarida Qoʻyliq Qurama uyezdining markazi hisoblangan. Mazkur uyezd Sirdaryo harbiy gubernatorining 1868-yil 20-oktyabrdagi buyrugʻiga binoan, Toshkent uyezdidan Toshkent shahri alohida maʼmuriy birlik sifatida ajralib chiqqanidan soʻng tashkil etilgan. Dastlab uyezd boshqarmasi Toʻytepada, keyinchalik esa 1869-yili Qoʻyliq qishlogʻiga koʻchirilgan va bu yerda 1887-yilgacha boʻlgan. „Turkiston oʻlkasi boshqaruvi haqida“gi 1886-yilgi Nizomga koʻra Qurama uyezdi 1887-yil 1-yanvarda Toshkent uyezdi deb nomlana boshlandi va uyezd boshqarmasi Qoʻyliqdan Toshkentga koʻchirildi[2].
XIX asrning oxirlarida qishloqda butun uyezd uchun bitta dorixona va uning qoshida tibbiy qabul punkti, telefon tarmoqlari, masjid, madrasa, pristav (uyezd boshqaruvchisi) idorasi boʻlgani maʼlum. Toshkent shahri bilan bogʻlovchi yoʻl Qoʻyliq shoxkoʻchasi (koʻproq shahar hududidagi Salor arigʻigacha boʻlgan qismi) va Qoʻyliq shossesi (Salordan Chirchiqqacha boʻlgan qismi) deb atalgan. Qoʻyliq shoxkoʻchasi shahar markazidan boshlanib to shahar tashqarisida, janubda joylashgan Qoʻyliq qishlogʻigacha davom etardi. Mazkur yoʻl shaharni uyezd markazi bilan bogʻlagani tufayli, unga maʼmuriyat tomonidan katta eʼtibor qaratilgan.
Koʻpayib borayotgan yevropalik shahar aholisi ham koʻproq Nikolskoye va Qoʻyliqqa tomon yoʻnalishlarda oʻziga uy-joylar qurib oʻrnashgan. Jumladan, arxiv hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, Qoʻyliq shossesining uzunligi Toshkentdan Chirchiq stansiyasigacha 10 versta 319 ½ sajen boʻlgan. Deyarli butun yoʻlga tosh yotqizilgan, Salordan Qoʻyliqqacha boʻlgan qismida shosse 1877-yili qurilgan va 1878-yili unga toʻqqizta koʻprik oʻrnatilgan. 1892-yilga kelib koʻpriklar soni 25 taga yetgan.