Qora qoʻngʻizlar - qattiqqanotlilar turkumiga mansub qoʻngʻizlar oilasi. 12 mingdan ortiq turi bor. Oʻrta Osiyoda koʻpgina turlari tarqalgan. Tanasining uz. 2–50 mm; qoʻngʻizlarining rangi koʻpincha qora (nomi ham shundan), baʼzan qoʻngʻir; dumaloq, tayoqchasimon shakllarda. Yon tomonlari qirrali, oldingi juft oyoqlari kuchli rivojlangan, boshi boʻrtib chiqqan, panjasi oddiy tirnoqli. Koʻpchilik qoʻngʻizlarning ust-qanoti chok boʻylab qoʻshilib oʻsgan, orqa qanoti yoʻq, uchmaydi. Lichinkasi uzun, chuvalchangsimon, sariq, koʻrinishi simqurtga oʻxshash (qarang Soxta sim-qurtlar). Qoʻngʻizlari va lichinkasi qishlaydi. Qoʻngʻizlari erta bahordayoq paydo boʻladi. Odatda, kechasi faol. Tuxumini tuproqqa (300 tacha) qoʻyadi. Lichinkasi tuproqda 18 oy hayot kechiradi. Ikki yilda bir avlod beradi. Koʻpgina Qora qoʻngʻizlar (mas, qumloq sustkashi, makkajoʻxori sustkashi, dasht sustkashi) sabzavot, texnika va boshqa ekinlar zararkunandasi. Boshqa turlari esa ombor va tegirmondagi gʻamlab qoʻyilgan oziqovqatlarga, paxta tozalash zavodlaridagi mahsulotlarga zarar keltiradi (mas, mitalar). Yana q. Ombor zararkunandalari).