Qori Qunduziy
Qori Qunduziy (asl ismi Imomali Sulton Muhammad) (1786, Qunduz — 1857, Qoʻqon) — shoir va tarixchi.
Tugʻma koʻr boʻlgan. Buxoroda tahsil olib, u yerda „Hofizi Qurʼon“ boʻlib tanilgan. Arab tilining sarf va nahvi, fiqh, hadis va adabiyot ilmini chuqur bilgan. Umarxon (1787—1822) Qoʻqon xonligi taxtiga oʻtirgach, Qori Qunduziy ham Qoʻqon shahriga butunlay koʻchib kelgan. Oʻzbek va fors tillarida ijod qilgan. Qoʻqon shoirlari va olimlari orasida ham yuksak eʼtiborga ega boʻlgap. Abdulkarim Fazliy ham oʻzining „Majmuai shoiron“ tajirasida uni „fiqhu tafsirdan xabardor“, „ahodis mazmuni va sheʼr qonunidan boxabar“. „kalomi majid zamirini ravshan qiluvchi sirlar qulfiga tili kalit“ ekanligini alohida taʼkidlagan.
Qori Qunduziy „Mahfiy“ vl „Komiy“ taxalluslari bilan ijod qilgan. Gʻazal, taʼrix va muammolar yozgan. Asosan, sheʼriy taʼrixlarni oʻzida jamlagan „Tavorixi manzuma“ („Nazmiy taʼrixlar“) asari bizgacha toʻla yetib kelgan. Asar XIX asr oʻzbek mumtoz adabiyotining nodir namunalaridan boʻlish bilan birga, Qoʻqon xonligi tarixini yorituvchi muhim tarixiy asarlardan biri hisoblanadi. Bu asarda asosan, 1822—1848-yillarda xonlik tarixida muhim oʻrin tutgan taniqli siymolar: xonlar, vazirlar, qozilar, mingboshilar, shoirlar, olimlarning vafot sanalari; baʼzi binolarning qurilshi yillari va boshqa ayrim muhim sanalar sheʼriy yoʻsinla goʻzal ifoda etilgan. Masalan, Bobur, Amir Umarxon kabi hukmdorlar, Ado, Maxmur, Nola, Vazir kabi shoirlarning vafot sanalari, Nodirabegim va Muhammad Alixonning Amir Nasrulloh tomonidan oʻldirilishi, Olloqulixon vafoti, Sheralixon, Xudoyorxonlarning taxtga oʻtirishlari kabi voqealar sheʼriy taʼrix qilingan. Qori Qunduziyning muammo janriga bagishlangan „Hall ul-faroid“ (Muammolarni yechish yoʻllari), shariat qoidalariga doir „Viqoya“ asari asosida „Sharhi Viqoya“ nomli kpgoblar yaratgani xaqida ham maʼlumotlar bor.
Adabiyot
tahrir- Qayyumov P, Tarixi Qayyumiy |1-kitob], T., 1998.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |