Qozi Bazarkiy masjidi — Qarshi masjidi. Qarshi shahrining qadimiy masjidlaridan biri, Mirzo Latif guzarida joylashgan. Uning shimoliy tarafida guzar maktabxonasi boʻlgan va uning yonidan omma yoʻli oʻtgan. Masjid binosi pishiq, gʻishtdan qurilgan. Hozircha, uning joylashuv oʻrniga taalluqli maʼlumotlar shulardir. Masjid vaqfli edi[1]. Unga oid ikkita hujjat saqlanib qolgan. Ularda aytilishicha: „Hijriy 1221-yili safar oyida Mirzo Latif guzari ahli ushbu guzarda joylashgan qozi Bazarkiy masjidi uchun Zulfiqor Qoʻrgʻonchasi mavzesida ikki boʻlakdan iborat yerni vaqf qilishga qaror qiladi“. Bu ikki boʻlak yerning miqdori uch tanob edi. Guzar ahli mazkur vaqf mulkiga Usta Rajabboy usta Badalboy oʻgli avlodlaridan birini mutavalli etib tayinlaydi. Mutavalli vaqf hosilini avvalo, masjid imoratiga sarflagan. Shuningdek, uning yonida tahoratxona ham qurilishi lozim edi. Bu shartlar bajarilgandan keyin u ushr haqi olgan. Qolgani masjidni yoritish va toʻshamchilar uchun ishlatilgan. Undan ortganiga har yili muborak Ramazon oyida Qur’oni sharif xatm qilingan. Yana ortganini u sharoitga qarab, zarur ehtiyojlarga sarflaydi. Guzar ahli ushbu mavzeda yana bir boʻlak yerni vaqf qiladi. Unga Rajabboy usta Salimboy avlodlari mutavalli boʻladi. Mutavalli hosildan ushr olgan. Qolgani uch qismga taqsimlanib, undan imomga 2 va muazzinga 1 hisssa ulush berilgan. Ikkinchi hujjatda guzar ahdi Qilichbek Qoʻrgʻonchasi mavzesida yana bir tanob bogʻni qozi Bazarkiy masjidi uchun vaqf qiladi. Bu vaqf mulkiga mutavallini qozi tayinlaydi. Qozi Bazarkiy nomi XX asrdagi ayrim hujjatlarda ham uchraydi. Masjid shoʻrolar davrida buzib tashlangan[2].


Manbalar

tahrir
  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204-bet. 
  2. Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 639-bet.