Qozoqtov
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Qozoqtov — Qizilqumning janubi-sharqiy qismi (Navoiy viloyati)dagi togʻ tizmasi. Shimoliy-gʻarbdan janubi-sharqqa 60 km ga choʻzilgan. Eng baland joyi 613 m. Gʻarbida Qoraxotin botigʻy, shim., sharqiy va janubiy qismlarida qumli massivlar bor. Tizmaning suvayirgʻich qismi va yon bagʻirlari nurash natijasida vujudga kelgan elyuviy va delyuviy yotqiziqlari bilan qoplangan. Yon bagʻirlarini quruq soylar kuchli parchalagan. Soylar etaklarida kichik yoyilma konuslar hosil boʻlgan. Tizma tektonik antiklinal struktura, paleozoy davri slanets, qumtosh, granit, diorit, yon bagʻirlarining quyi qismida boʻr, paleogen davrlari konglomerat, mergel, gillaridan tashkil topgan. q. Turon plitasining gersin burmalanishi davrida shakllanib, yer yuzasiga chiqib qolgan va yangi tektonik harakatlar taʼsirida koʻtarilgan qismidir. Iqlimi keskin kontinental, qishi sovuq, yozi issiq, yogʻin kam. Yon bagʻirlari va etaklarida sur-qoʻngʻir, qumli tuproqlar tarqalgan. Ularda, asosan, saksovul, shuvoq, teresken, boyalich va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Hududidan yaylov sifatida foydalaniladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |