Qamal

shahar yoki qalʼaning harbiy blokadasi
(Qurshovdan yoʻnaltirildi)

Qamal — shahar, qalʼa va shunga oʻxshash istehkomlarni ishgʻol qilish uchun oʻtkaziladigan harbiy harakatlar usuli. Qadim zamonlardayoq shahar yoki qalʼani toʻsatdan hujum qilib olib boʻlmagan taqdirda qamaldan foydalanilgan. Qamal paytida qalʼa qoʻshin bilan chor atrofdan qurshab olingan va ketmaket hujumlar uyushtirilgan. Baʼzan esa qamalchilar qamaldagilarning oziq-ovqat, oʻqdorilari tugagach, taslim boʻlishlarini kutishgan. Shahar, qalʼa atrofida sarkoʻblar koʻtarilgan. Mudofaa devorlari ostidan yer osti yoʻllari (naqblar) qazilgan. Odatda, qamal qiluvchi qoʻshinning muayyan qismi oʻzlari barpo etgan istehkomlarni qamalda qolganlarning toʻsatdan uyushtiriladigan xamlasidan muhofaza qilish bilan mashgʻul boʻlgan, asosiy qismi esa mudofaachilarni tinkasini qurituvchi harbiy harakatlarda faol qatnashgan. Tarixiy manbalar, qamalning baʼzan oylab, hatto yillab davom etganligini koʻrsatadi. Xususan, Oʻtror moʻgʻullar tomonidan 5 oy, Samarqand esa Shayboniyxon tomonidan 6 oy qamal qilingan. Qamalchilar qalʼa, hisor, shahar va hokazoga kirish maqsadida turli amaliyotlar (devorlarni buzish, raxnalar solish) qoʻllashgan. Poroxning kashf etilishi va artilleriyaning qurollanishdan muqim oʻrin olishi bilan mudofaa devorlarini porox yordamida portlatish, zambarakdan oʻqqa tutish rivojlangan. Oʻrta asrlarda Chingiziylar va Temuriylar armiyasida qalʼa, qoʻrgʻon, hisor va shaharlarni qamal qilishda toshotar qurollar va raʼddan keng foydalanilgan. 17-asrdan qalʼa artilleriyasi qoʻllanishga kirib kelgan. 18—20-asrlarning boshlarida qamalchi armiyalar tuzilgan. Birinchi jahon urushidan soʻng qalʼa va shaharlarni zabt etishning zamonaviy vositalari paydo boʻlgani bois qamal atamasining maʼnosi oʻzgarib, blokada tushunchasini ifodalaydigan boʻldi[1].

Manbalar

tahrir
  1. "Qamal" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil