„Qutadgʻu bilig“ („Saodatga yoʻllovchi bilim“) — Yusuf Xos Hojib asari, turkiy adabiyotning nodir namunasi, 1069—1070-yillarda yaratilgan. Muallifning asar muqaddimasida xabar beri-shicha, bu kitob oʻz davridayoq keng tarqalib, mashhur boʻlgan. Chin (Shimoliy xitoy)liklar uni „Adab ul-muluk“ („Hukmdorlar odobi“), mochin (Janubiy xitoy)liklar „Oyin ul-mamlakat“ („Hukmdorlik qonun-qoidalari“), Sharqiy xitoyliklar „Ziynat ulumaro“ („Hukmdorlar ziynati“), eronliklar „Shohnoma“i turkiy ("Turkiy „Shohnoma“), baʼzilar „Pandnomai muluk“ („Hukmdorlar pandnomasi“), turonliklar esa „Qutadgʻu bilig“ deb ataganlar.

„Qutadagʻu bilig“ dostonini yaratar ekan, muallif oʻz oldiga qoraxoniylar davlati hokimiyatini mustahkamlash, Tavgʻachxon bilan Eloqxonlar oʻrtasidagi ixti-loflarni bartaraf etish, hukmron doiralarning turli ijtimoiy tabaqalarga munosabatini belgilash, maʼrifat va obodonchilik uchun kurash, yaxshi xulq-odobni targʻib qilish kabi maqsadlarni qoʻygan. Bu bilan Yusuf Xos Hojib oʻz davrining yirik maʼrifatparvari va donishmandi sifatida gavdalanadi.

„Qutadgʻu bilig“ markaziga 4 masala qoʻyilib, ular 4 obraz vositasida ochib berilgan: birinchisi — adolat boʻlib, u pod-shoh Kuntugʻdi timsolida, ikkinchisi — davlat boʻlib, vazir Oytoʻldi, uchinchisi — aql boʻlib, vazirning oʻgʻli Ugdilmish, toʻrtinchisi — qanoat boʻlib, uning qarindoshi Oʻzgʻur-mish qiyofasida tasvirlanadi. Shunga muvofiq ravishda qoʻyilgan masalalar voqealar rivoji, qahramonlarning oʻzaro suhbati, bahsmunozarasi, savol-javoblari, pandnasihatlari vositasida hal qilinadi. Muallif bahsli masalalar yuzasidan ham axloq-odob, ilm, insoniylik va adolat doirasida fikr yuritadi hamda podshoh va amaldorlardan tortib dehqonu hunarmandgacha — jamiyatdagi barcha toifalarning huquq va burchlari haqida oʻz mulohazalarini bildiradi. Borliq haqidagi bilimlarga toʻxtalgan Yusuf Xos Hojib odam bilishi mumkin boʻlmagan narsa, bilim bilan yechilmaydigan jumboq yoʻq, bilim tufayli osmon sari ham yoʻl ochiladi, deydi; bilish uchun esa tinmasdan oʻrganish lo-zim, deb uqtiradi.

„Qutadgʻu bilig“ qoraxoniylar hokimiyatining oʻziga xos nazmiy nizomnomasi boʻlib, bu ramziy-timsoliy asar yurt egalari boʻlmish hukmdorlar va katta-kichik amaldorlarga atab yozilgan va asarda ularga mamlakatni adolat bilan boshqarish, tinchlikni saqlash, raiyatga zulm qilmaslik, bilʼaks, xalqning ogʻirini yengil qilish, turmushini farovon aylash, jamiyatning maʼnaviyaxloqiy negizlarini mustahkamlash, ilm-maʼrifatga keng eʼtibor berish, isteʼdod sohiblarini qoʻllab-quvvatlash, huquq, burch, adolat boʻyicha maslahat va tavsiyalar berilgan. Hukmdorlar adabnomasi — „Qutadgu bilig“ qoraxoniylar sulolasi misolida turkiy davlatchilik asoslari yangi bosqichga koʻtarilgan davrda zamon kun tartibiga qoʻygan siyosiy-ijtimoiy masalalarni hal qilishda asosiy dastur boʻlgan. Shoirning u yoki bu masala boʻyicha pand-nasihatlari xuddi hikmatday jaranglaydi, xalq maqollariga oʻxshab ketadi — ularning badiiy yuksakligi va maʼrifiy ahamiyati ham shunda.

Asar muallifining soʻnggi tahriridan oʻtgan va Tavgʻach Bugʻroxonga taqdim etilgan nusxasi nasriy (38 mis-ra) va sheʼriy (77 bayt) muqaddima, kirish boblar (390 bayt), asosiy qism (68 bob, 5896 bayt), xotima (2 qasida va masnaviy bob)dan iborat. Jami 6520 bayt.

„Qutadgʻu bilig“ning 3 qoʻlyozma nusxasi fanga maʼlum: ulardan biri uygʻur yozuvida koʻchirilgan boʻlib (1439, Hirot), Vena Saroy kutubxonasida saqlanadi; arab yozuvida koʻchirilgan 2 nusxadan biri Qohirada (1896-yil shu yerda topilgan), ikkinchisi (1913-yil Namangandan topilgan va 1925-yil Abdurauf Fitrat tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan) Toshkentda, OʻzFA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Asarning ilk nashri H.Vamberi tomonidan amalga oshirilgan (1870). Shundan keyin bu asar V.Radlov (1890; 1910), S.Ye.Malov (1929; 1951), R.R.Arat (1942; 1943; 1947; 1959), Q.Karimov (1971), B.Toʻxliyev (1989), uygʻur olimlari (1984) tomonidan nashr etildi. Asar ingliz, nemis, fransuz, rus, chex, turk, uygʻur, xitoy va boshqa tillarga tarjima qilingan. Uni J.Amade, A.Fitrat, R.Arat, Ye.E.Bertels, H.Vamberi, V.Radlov, S.Malov, A.N. Kono-nov, S.N.Ivanov, D.Nasilov, A.Valitova, Gʻ.Abdurahmonov, Q.Karimov, B.Toʻxliyev, Q.Sodiqov va boshqa chet el va oʻzbek olimlari oʻrganganlar.

Manbalar tahrir

Adabiyotlar tahrir

  • Mallayev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, T., 1976;
  • Oʻlmas obidalar, T., 1989; Toʻxliyev B.,
  • Yusuf Xos Hojibning „Qutadgʻu bilig“ asari, T., 1991;
  • Buyuk siymolar, allomalar, 1-kitob, T., 1995;
  • Homidiy H., Koʻhna Sharq dargʻalari, T., 1999:
  • Qayumov A., Ishoqov M., Otaxoʻjayev A., Sodiqov Q., Qadimgi yozma yodgorliklar, T., 2000.

Havolalar tahrir