Qutchi — turkiy qabila. Qutchilarning ilk ajdodlari Janubiy Sibirda, 10-13-asrlarda esa Qashqar va Yettisuvda yashagan. 13-14-asrlarda Qutchilarning katta bir qismi Movarounnahr hududiga kelib mahalliy aholi bilan aralashib ketgan. Bir qismi qirgʻizlar tarkibida ham mavjud boʻlgan. Qutchilarning ozroq qismi oʻz nomlarini 20-asrning boshlarigacha saqlab kelgan. Bular, asosan, Zarafshon tizma togʻ etaklarida — Urgut atroflarida, Qashqadaryoning yuqori oqimlarida Shahrisabz vohasida joylashgan. Qutchi bir necha urugʻlarga boʻlingan. Eng yiriklari: shixsayot, moli, movar, qashqari. Qutchilar, asosan, dehqonchilik bilan shugʻullanishgan.