Urgut – Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyati Urgut tumanidagi shahar (1973-yildan), tuman markazi[1]. Zarafshon togʻ tizmasining gʻarbiy davomi hisoblangan Chaqilikalon togʻining etagida, Samarqand shahridan 35 km narida, viloyatning janubi-sharqiy qismida joylashgan. Ishlab chiqarish hajmi va aholisi boʻyicha Samarqand viloyatida birinchi oʻrinda turadi. 2016-yilda aholisi 65 300 kishini tashkil etgan[2]. Shahar oʻrtasidan Urgutsoy oqib oʻtadi. Hozirgi Urgut shahri Kalangar, Gʻuzni, Kamardon, Andak, Kulollik, Soʻfiyon, Navbogʻ va boshqa nomlar bilan ataluvchi, jami yigirmata mahalladan tashkil topgan[3].

Urgut
shahar
Skyline of Urgut
39°24′0″N 67°15′0″E / 39.40000°N 67.25000°E / 39.40000; 67.25000
Mamlakat Oʻzbekiston
{{{mintaqa_turi}}} Samarqand viloyati
tuman Urgut tumani
Iqlim turi subtropik-ichkikontinental
Milliy tarkib oʻzbeklar, tojiklar va boshqalar
Konfessiyaviy tarkib asosan musulmonlar
Etnoxoronim Urgutlik, Urgutliklar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Avtomobil kodi 30
Urgut xaritada
Urgut
Urgut
Urgut xaritada
Urgut
Urgut
Urgut jome masjidi
Urgut markaziy jome masjidi

Tarixi

tahrir

Urgut Oʻzbekistonning qadimiy manzilgohlaridan biridir. 1000 yoshdan katta chinorlari bilan mashhur. Urgutdagi Chor-Chinor (fors va tojik tillaridan tarjimasi – 4 ta chinor) deb nomlangan joy oʻzining koʻp asrlik chinorlar xiyoboni va XX asr boshlarida qurilgan masjidi bilan ajralib turadi[4]. Chorchinor ziyoratgohidan unchalik uzoq boʻlmagan joyda arxeologlar tomonidan topilgan 9-asrga oid Nestorian cherkovining qoldiqlari joylashgan[5].

Urgut soʻzi toponim sifatida ilk bor XVII asrda paydo boʻlgan. Oʻzbeklarning qabila guruhlaridan birining nomini bildiradi. Shunisi eʼtiborga loyiqki, Oʻzbekiston, Tojikiston va Afgʻonistonda yashovchi aholining ayrim guruhlari oʻzlarini urgutlik (yoki tojikcha Urguti) mintaqaviy hamjamiyatining bir qismi deb hisoblaydi. Bu oʻzbek millatiga mansub kichik guruh boʻlib, ularning kelib chiqishini Urgut atrofidagi hudud bilan bogʻlaydi.

Buxoro amirligi davrida Urgut Buxoro amirligidan yarim mustaqil Urgut bekligining markazi boʻlgan. Shahar mustahkam qoʻrgʻonga ega boʻlib, yoʻl Shahrisabz shahri joylashgan vodiy tomon oʻtgan jarlikda joylashgan. XVIII asrdan 1868-yilgacha Urgutni Qoʻqon minglariga bilan aloqador boʻlgan mahalliy Ming sulolasi boshqargan.

1868-yilda rus qoʻshinlarining Buxoro amirligiga qarshi olib borgan janglarida shahar oʻzining geografik joylashuvi tufayli Zarafshon vodiysi va Buxoro tomon keyingi yurishlarida ular uchun maʼlum bir xavf tugʻdirgan. Shuning uchun 1868-yilning 12-may kuni shahar polkovnik Abramov boshchiligidagi rus qoʻshinlari tomonidan bosib olingan.

Urgut „Boburnoma“da Arkat, 18-asr boshlariga oid tarixiy hujjatlarda, mangʻitlar hukmronligiga qadar Arkut qishlogʻi sifatida tilga olingan[6]. „Urgut“ – Oʻrkent soʻzining keyinroq oʻzgargan yasamasi, oʻr – balandlik; kent – shahar, yaʼni balandlikdagi shahar maʼnosini anglatadi deguvchilar ham bor. Tarixchi Muhammad Yaʼqub Buxoriy oʻzining „Gulshan ul-muluk“ asarida 1797-98 yillardagi kuchli zilzila oqibatida Urgut qoʻrgʻonining vayron boʻlganligini yozadi.

Xoʻjaligi

tahrir

Shaharda xalq hunarmandchiligi (pichoqchilik, chopon, soʻzana va hokazo) qadimdan rivojlanib kelgan. 1931-yilda 55 ot kuchiga ega boʻlgan elektr dvigateli ishga tushirilgan. 1935-yilda MTS tashkil qilingan. Urgutda 5 sanoat korxonasi, bundan tashqari, 6 qoʻshma va 9 xususiy korxonalar mavjud. Ular, asosan, qurilish materiallari (gʻisht, marmar, beton gʻishtlar), yaxna ichimliklar, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, sut va goʻshtni qayta ishlash, non pishirish, tamaki fermentatsiyalash bilan shugʻullanuvchi korxonalardir. Ushbu korxonalarning asosiy qismi oʻrta va kichik korxonalar. Qoʻshma korxonalar ichida Belgiya bilan hamkorlikda qurilgan „UrgGazkarpet“ va boshqa korxonalar bor. Aholiga xizmat koʻrsatadigan 3500 dan ziyod xususiy ustaxona va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, mashhur „Urgut“ bozori faoliyat koʻrsatadi. 14 umumiy taʼlim maktabi (13,5 ming nafarga yaqin oʻquvchi), 2 kasb-hunar kolleji (1250 oʻquvchi), 1 ta IDUM (ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi. 500 dan ortiq oʻquvchi), 9 kutubxona, madaniyat uyi, oʻlkashunoslik muzeyi, xalq teatri, markaziy madaniyat va istirohat bogʻi, stadion mavjud. 4 kasalxona, 5 poliklinika, 22 dorixona, shahar yaqinida sogʻlomlashtirish oʻrmonli sanatoriy maktabi, bolalar yozgi oromgohlari, Gʻavs-ul Aʼzam, Xoʻja Omon, Xoʻja Chorchinor qoʻriqxonalari bor. [7]

Manbalar

tahrir
  1. „Classification system of territorial units of the Republic of Uzbekistan“ (uz, ru). The State Committee of the Republic of Uzbekistan on statistics (2020-yil iyul).
  2. Shaharlar geografiyasi (uz) — 145-bet.  (Wayback Machine saytida 2022-07-09 sanasida arxivlangan)
  3. Xudoyberganov R. O‘zbеkiston joy nomlarining izohli lug‘ati. Toshkent: Donishmand ziyosi, 2022 — 493-bet. ISBN 978-9943-7673-7-9. 
  4. „Urgut tumani haqida qisqacha“. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.
  5. „Анвар Ходжаниязов «Несторианский храм в Ургуте»“. 2013-yil 7-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 19-oktyabr.
  6. Н.Б.Бегалиев, А.М.Туробов. Самарқанд топонимияси. СамДЧТИ нашри, 2015 — 85-bet. 
  7. Akhtamov, Saidali; Jumaboyev, Toshpoʻlat. „Urgut“ OʻzME. U-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil