Radiouzatkich — radiochastotalar diapazonidagi elektr tebranishlarni antenna orqali elektromagnit toʻlqinlar tarzida uzatuvchi qurilma (qurilmalar majmui); asosiy elementlari: yuqori chastotali elektr tebranishlar generatori, uzatilayotgan xabarlarga muvofiq ularning parametrlarini boshqaradigan (modulyasiyalaydigan) modulyatordan iborat.

R. axborotlarni radiotoʻlqinlar yordamida uzatish tizimlari va qurilmalarining muhim qismi. R. ish toʻlqini diapazoniga, antennaga berilayotgan tebranish quvvatiga, ish turiga (telegraf, telefon va boshqalar), modulyasiyalash usuliga (amplitudali, chastotali, fazali va boshqalar), generatsiyalovchi elektron asboblari xiliga (lampali, tranzistorli, magnetronli, klistronli va boshqalar), vazifasiga (aloqa, eshittirish, lokatsion, televizion va boshqalar), oʻrnatilishiga (statsionar, koʻchma) qarab xillarga boʻlinadi.

R. oʻzgarmas tok (kam hollarda oʻzgaruvchan tok) energiyasini radiochastota tebranishlari energiyasiga aylantirib beruvchi generator, modulyator va elektr manbaidan iborat. Dastlabki R.lardan birini rus ixtirochisi A. S. Popov 1895-yil ixtiro qilgan. Radioaloqa, televideniye, radioeshittirish, radiolokatsiya, radionavigatsiya va texnikaning boshqa sohalarida, ilmiy eksperimentlarda qoʻllaniladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil