Ragʻa
Ragʻa — tokning yuqumli zamburugʻli kasalligi. Tokning yosh novdalari, barglari, shoʻra va uzumlarini zararlaydi. Novda, barglarda har xil kattalikda kulrang gʻuborlar paydo boʻladi, keyinchalik gʻuborlar jigarrang tuye oladi, soʻngra bir-biri bilan qoʻshilib, qorayadi. Kasallik erta muddatda avj olganda kasal uzumlar soʻliydi, kech muddatda avj olganda esa yoriladi, gʻujumlar kattalashmay qotib qoladi, chiriydi, badboʻy hid chiqaradi. Kasallik tok yaxshi parvarish qilinmaganda, mayda madanglar va bachki novdalar koʻpayib ketganda, xomtok oʻz vaqtida oʻtkazilmaganda, oʻsuv davrida tokzor tez-tez va bostirib sugorilganda avj oladi. Yogʻingarchilik koʻp boʻlgan yillari ayniqsa keng tarqaladi.
Kurash choralari: tokni kesish davrida madanglar va kurtaklar sonini har tup tokning kuchiga qarab qoldirish; zang va novdalarni simbagʻaz yoki ishkomga tarashda quyosh nurining yaxshi tushishi va yaxshi shamollaydigan boʻlishiga eʼtibor berish. Kuzda tokni koʻmishdan oldin yoki erta koʻklamda kurtaklar yozilguncha 5% li ohakoltingugurt kaynatmasi yoki 2% li nitrafen eritmasi purkaladi. Oʻsuv davrida oltingugurt va ohak kukuni yoki oʻtin kuli aralashmasi changitiladi. Kasallik avj olganda 5% li ohakoltingugurt qaynatmasi yoki 0,01—0,05% li kaliy permanganat eritmasi, 1% li bordo suyukligi purkaladi va boshqa (yana qarang Kul, Oidium).
Sulton Alimuhmedov[1].
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |