Ravsh – mustaqil soʻz turkumlaridan biri; harakat va holatning belgisini, shuningdek, belgining belgisini bildiradi. Ravishlarning quyidagi maʼnoviy turlari mavjud: holatþ (tarz) ravishlari (tez, sekin, piyoda kabi); oʻrin ravishlari (uzoqda, yaqindan, pastda kabi); payt ravishlari (hozir, kecha, bugun kabi); daraja-miqdor ravishlari (ancha, sal, kam kabi); maqsad ravishlari (ataylab, joʻrttaga kabi); sabab ravishlari (noiloj, ilojsiz, chorasizlikdan kabi). Payt, oʻrin va maqsad ravishlaridan boshqa barcha Ravishlarni, eng umumiy xususiyatlariga koʻra, bir turga kiritish va ularni holat (tarz) ravishlari deb atash mumkin.

Ravish mustaqil soʻz turkumi sifatida quyidagi morfologik xususiyatlar bilan ajralib turadi: 1) daraja kategoriyasiga ega: tez, koʻp (oddiy daraja) – tezroq, koʻproq (qiyosiy daraja) – eng tez, juda koʻp (orttirma daraja) kabi; 2) oʻzgarmas boʻlib, koʻpincha feʼllarga bogʻlanib keladi: Soʻrida qat-qat duxoba koʻrpachalar ustma-ust toʻshalgan edi; 3) Ravish ayrim oʻrinlarda sifat va otga bogʻlanib kelishi ham mumkin. Bunday hollarda Ravish belgining belgisini yoki predmetning belgisini emas, oʻzi bogʻlanib kelgan sifat yoxud otdan anglashilgan harakatlarning belgisini bildiradi: Kecha havo juda sovuq edi. U hozir beqiyos va tasavvur qilib boʻlmas baxtiyor edi; 4) Ravish yasovchi maxsus qoʻshimchalarga ega: cha, ona, larcha, lab va boshqa; 5) turlanmaydi va tuslanmaydi (otlashish hollari bundan mustasno).

Ravishlar morfologik va sintaktik usullar bilan yasaladi: doʻstona, qahramonlarcha, oylab (morfologik usul), har zamon, shu on, bir dam (sintaktik usul) kabi. Ravishlar tuzilishiga koʻra, sodda (kamtarona, vijdonan, butunlay), qoʻshma (har dam, bir yoʻla, ozmuncha, har qachon), juft (kechakunduz, qishin-yozin) va takroriy (ozoz, tez-tez, koʻp-koʻp) turlarga boʻlinadi. Ravishlarning anchagina, juda, kam, kamkam kabi shakllari modal shakl hisoblanadi. Ravishlar gapda hol, aniqlovchi va kesim vazifalarida keladi.

Adabiyot

tahrir
  • Oʻzbek tili grammatikasi [Morfologiya, 1-j.], T., 1975.

Muhammadumarov Hojiakbar.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Ikkinchi jild. Fargʻona, 2007-yil