Ravnaq Pahlavonquli (1725—Xorazm — 1805) — shoir. Xivadagi Shergʻozixon madrasasida oʻqigan. Dastlab Xiva xoni Abulgʻozi Soniy (1742—47) ni maqtab sheʼrlar yozgan. 1768-yilda taxtga oʻtirgan Gʻoyibxon taʼqibidan qochib, bir necha yil sarson-sargardonlikda yurgan. Soʻng Xiva madrasalaridan birining hujrasida faqirlikda hayot kechirgan. Oʻzbek, fors va arab tillarida, asosan, lirik janrlarda ijod qilgan. Yagona qoʻlyozma devoni bizgacha yetib kelgan. U 286 sheʼr — 5251 misra: 258 gʻazal, 22 muhammas, 5 qasida va 1 mustazoddan iborat. Sheʼrlarining asosiy mavzui insonga va ijtimoiy hayotga munosabat masalalaridir. R. gʻazal janrini tematik jihatdan boyitgan. Gʻazallarida insoniy ishq-muhabbatni, tabiat va hayot goʻzalliklarini madh etish bilan birga davr va taqdirdan, zamona nosozliklaridan shikoyat qilgan. Navoiy (14 ta), Fuzuliy (3 ta), Mashrab, Xurramiy va boshqalarning gʻazallariga muhammaslar bogʻlagan. R. qasidalari anʼanaviy uslubdan farq qilib, muayyan shaxs yoki voqeaga emas, shoir yashab turgan ijtimoiy hayotga bagʻishlangan, ularda amaldorlar insofga chaqirilgan ("Muncha javring degil..." va boshqalar). R. sheʼrlari gʻoyaviy va badiiy jihatdan qimmatli. "Devoni Ravnaq" nomli qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. №922).

Adabiyot

tahrir
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 3j., T., 1978.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil