Rayhon (Ocimum) — labguldoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻtlar, chala va past boʻyli butalar turkumi; manzarali, dorivor va ziravor ekin. 60 (ayrim maʼlumotlarga koʻra, 150) turi tropik va subtropik mintaqalarda usadi. Evgenol rayhon (Ocimum gratissimum) turi Janubiy Afrika, Hindiston, Shri Lanka, Gruziya, RF ning Krasnodar oʻlkasi janubida (oz miqdorda) bir yillik ekin sifatida ekiladi. Issiqsevar, namsevar, yorugʻsevar, qurgʻoqchilikka’ chidamli oʻsimlik. Bargi yirik, tuxumsimon, gullari oq yoki pushti, poya va novdalari ichida boshoqsimon toʻpgulga yigʻilgan. Yashil massasi tarkibida 0,3% efir moyi bor (efir moyining 70%'ni atirupa, oziq-ovqat sanoati va tibbiyotida ishlatiladigan evgenol modsasi tashkil etadi). Urugʻi erta bahorda issiqxona va parniklarga sepiladi, dalaga koʻchat qilib ekiladi. Hosildorligi 40—80 s/ga koʻk massa. Janubiy Osiyodan kelib chiqqan O. basilicum (oddiy rayhon) turi Oʻzbekistonda manzarali, oshkoʻk va ziravor ekin sifatida oʻstiriladi. Boʻyi 25—40 sm, gultojisi 2 labli, may—oktabr oylarida gullab urugʻlaydi, koʻchat qilib ekiladi. Bargining rangi va oʻsimlik shakliga qarab oq rayhon, osh rayhon, sada rayhon, qora rayhon, hoji rayhon kabi xillarga boʻlinadi. Ularning 300 dan ortiq navi bor.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil