Reaktiv dvigatel — ish jismi (odatda, yonilgʻi yonishidan hosil boʻladigan gazeimon moddalar) oqimi hisobiga reaktiv kuch (tortish kuchi) hosil qiladigan dvigatel. Reaktiv dvigatelda turli xil energiya (issiqlik, yadro, quyosh va elektr energiyasi, kimyoviy energiya)ning mexanik energiyaga aylanishi hisobiga ish jismi oqimining kinetik energiyasi vujudga keladi, bundan tashqari, ish jismi dvigateldan otilib chiqqanda aks kuch paydo boʻlib, dvigatelni itaradi (racmga q.). Shuning uchun Reaktiv dvigatelni murakkab yaxlit tizim deyish mumkin. Bu tizim birlamchi (dastlabki) energiya manbai (Mas, quyosh energiyasi), ish jismi va energiyani bir turdan ikkinchi turga aylantiruvchi qurilma (yaʼni Reaktiv dvigatelning oʻzi) dan iborat boʻladi.

Reaktiv harakat tushunchasi qadimdan maʼlum. Geron yaratgan sharni Reaktiv dvigatelning ajdodi deyish mumkin. 10-asrdan Xitoyda poroxli raketalar paydo boʻldi va Sharkda, keyinchalik Yevropada mushakbozlik, signal va jangovar raketalar sifatida bir necha asr mobaynida qoʻllanilib keldi. Va, nihoyat, 20-asr boshiga kelib (1903) K.E. Siolkovskiy suyuq yonilgʻili Reaktiv dvigatelning asosini taklif etdi. R. Goddard 1926-yil suyuq yonilgʻili raketalarni uchirdi. V. P. Glushko jahonda birinchilar katorida suyuklikli reaktiv dvigatelni yaratdi. Uning rahbarligida elektrotermik Reaktiv dvigatel yaratildi va sinaldi. Ikkinchi jahon urushi (1939—45) yillarida havoreaktiv dvigatellari samolyotlarga oʻrnatildi. Urushdan keyingi yillarda elektr raketa dvigatellari va yadro raketa dvigatellari yaratildi. Reaktiv dvigatel borgan sari takomillashtirilib borilmokda.

Reaktiv dvigatel ishlayotgan paytda atrofdagi muhit (havo)dan foydalanishi yoki foydalanmasligiga karab, 2 asosiy guruhga boʻlinadi. Atrofdagi havodan foydalanadigan Reaktiv dvigatel havoreaktiv dvigateli, foydalanilmaydigani raketa dvigateli (RD) deb ataladi. Barcha havoreaktiv dvigatellarida energiya manbai — yonilgigina dvigatel bortida boʻladi, ish jismining anchagina qismi (havo) esa atrof muhitdan olinadi. RD da esa ish jismining barcha komponentlari uning bortida boʻladi. Reaktiv dvigatel texnika (aviatsiya, kosmonavtika va boshqalar) da qoʻllanadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil