Reanimatologiya (reanimatsiya va ... logiya) — organizmni jonlantirish va tasodifiy oʻlimdan saqlab qolish haqidagi fan; tibbiyotning bir boʻlimi. R., asosan, shikastlanish, operatsiya paytida, shuningdek, klinik amaliyotda nafas aʼzolari, qon aylanishi, endokrin sistema, moddalar almashinuvi va boshqa jarayonlarning buzilishidan yuzaga keladigan ogʻir hollarda organizmning hayotiy muhim funksiyalarini boshqarish va tiklash masalalarini oʻrganadi.

Qadimdan vrachlar oʻz davridagi mavjud shifobaxsh vositalar yordamida hali yashashi mumkin boʻlgan sogʻlom organizmni tasodifiy oʻlimdan saqlab qolish uchun kurashib kelganlar. Oʻrta asrlarda A. Vezaliy qamishdan yasalgan naycha bilan hayvonlarga sunʼiy nafas oddirish ustida tajribalar oʻtkazdi. 17-asr oxirlariga kelib oʻlim va organizm hayot faoliyatining tiklanish jarayonlari qonunlari oʻrganila boshlandi. R. tibbiyotning mustaqil ilmiyamaliy boʻlimi sifatida 20-asr oʻrtalarida shakllandi. Urush yillarida yaradorlarda uchragan gemorragik va kuchli ogʻriq taʼsirida yuz bergan shok holati hamda havo yetishmasligi sabablari va hokazoni oʻrganish R.ning rivojlanishiga yordam berdi.

R. hozirgi zamon fani yutuqlariga, xususan, organizm turli sistemalari funksiyasining buzilishi toʻgrisida ogohlantiradigan elektron apparati hamda nafas olish va qon aylanishini saqlab turadigan apparatlar va hokazoga tayanadi.

Oʻlim tez roʻy beradigan biologik hodisagina boʻlib qolmay, balki uzoq davom etadigan bir necha davr va holatlardan, hayotning oxirgi bosqichlari — terminal holatdan soʻng yuz beradigan jarayondir. Agar klinik oʻlim vaqti qisqa boʻlib, hayot uchun muhim aʼzolar faoliyati soʻnib ulgurmagan boʻlsa, organizmni jonlantirish, gaz almashinuvi, qon aylanishini tiklash tadbirlari koʻriladi. Buning uchun organizmning birgina sistemasi emas, balki markaziy nerv sistemasi, yuraktomir sistemasi, gaz almashinuvi, endokrin sistema va boshqa mufassal oʻrganiladi.

R.ning asosiy vazifasi hayotdan oʻlimga oʻtish davrini va tiriltirishdan soʻng oʻlimdan hayotga qaytish davrining biologik qonunlarini oʻrganish, shuningdek, terminal holatning oldini olish, jonlantirilgan organizmni davolash, oʻlim sabablari va organizmni jonlantirish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlashdir. R. patofiziologiya, xirurgiya, anesteziologiya kabi fanlar bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbekistondagi tibbiyot intlarida R. kafedralari boʻlib, u yerda R.ning eng dolzarb masalalari ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil