Retinit (lotincha: retino — toʻr parda) — koʻz toʻr pardasi (retina)ning yalligʻlanishi. Bunda koʻzning koʻrish quvvati pasayib, koʻrish maydoni torayadi. Organizmdagi umumiy kasalliklar (infeksion kasalliklar, moddalar almashinuvining buzilishi, qandli diabet, buyrak, qon va tomir kasalliklari) oqibatida paydo boʻladi. Koʻz toʻr pardasining baʼzi kasalliklari, Mas, pardaning bolalikdan boshlangan pigmentli regeneratsiyasi, shabkoʻrlik yoki koʻrish maydonining toraya borishi natijasida koʻzning atrofni koʻra olmay qolishi, keksalarda uchraydigan koʻz toʻr pardasi tomirlarining aterosklerozi va hokazo ham R.ga sabab boʻladi.

Davo mutaxassis vrach maslahati bilan olib boriladi. Kasallikka sabab boʻlgan asosiy omillar bartaraf qilinadi. Koʻzni zoʻriqtirmaslik tavsiya etiladi; oftobdan himoya qilinadigan koʻzoynak (qora) taqish buyuriladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil