Reto-roman tillari — roman tillarining Shveysariya hamda Shimoliy Italiyada tarqalgan nisbatan qad. guruhchasi. Ushbu termin Qad. Rim viloyati Raetia — Retiya nomidan hosil boʻlgan. Reto-roman tillarida retoromanlar (romanshlar, lidinlar, friullar) soʻzlashadi. Reto-roman tillarida soʻzlashuvchilarning umumiy soni 750 ming kishidan ortiqroq; jumladan, boy adabiyotga ega boʻlgan friul tilida 700 mingdan ortiq kishi soʻzlashadi. Reto-roman tillari asosan, 3 ga boʻlinadi: shveysar (graubyunden) Reto-roman tillari (Shveysariyaning Graubyunden kantoni), tirol (ladin) Reto-roman tillari (Italiya) va friul (Italiya). Baʼzi manbalarda har uchala til yagona retoroman tilining variantlari deb ham qaraladi. Baʼzi belgilariga koʻra, Reto-roman tillari tipologik jaxatdan fransuz tiliga yaqin boʻlib, italyan tiliga qarshi qoʻyiladi.

Shveysar Reto-roman tillari 1938-yildan federatsiyaning 4milliy tili deb eʼlon qilingan. Uning yuqori engadin va surselv variantlari mavjud: ular italʼyan va nemis tillari bilan bir qatorda bir yil oralatib navbatlashib, kantonning milliy tili sifatida qoʻllanadi. Shveysariyada Reto-roman tillarining badiiy adabiyot va matbuot tiliga aylantirishga harakatlar boʻlgan.

German lahjalari tarqalgan hudud bilan chegaradosh joylarda roman va german lugʻaviy unsurlarining aralash qoʻllanish hollari kuzatilsa, baʼzi boshqa joylardagi Reto-roman tillarida xalqona lotin tilining ayrim alomatlari saqlanib qolgan.

Abduvahob Madvaliyev, Isroil Poʻlatov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil