Rok-musiqa

(Rockdan yoʻnaltirildi)
Rock
Uslubiy ildizlari: Rock end roll, blyuz, kantri musiqasi
Madaniy ildizlari: 1940-lar oxiri, AQSh
Xos cholgʻu asboblari: Gitara, Bass, Dovul, baʼzan Sintezator
Mashhurligi:1950-lardan beri butunjahon
Yaqin janrlar:Alternativ rock - Xevi metal - Pank rock
Aloqador mavzular
Bekbit - Rock opera - Rock guruhi - Rock madhiya - Ijtimoiy taʼsir

Rok, rok-musiqa — 1950-yillarda paydo boʻlgan zamonaviy musiqa yoʻnalishi, shuningdek oʻziga xos turmush tarzi, submadaniyat. Atama butkul taʼriflanmagan, zero baʼzi musiqiy uslublarning rock-musiqaga aloqadorligi shubha ostidadir. Rock-musiqa keng tarmoqlangan: unga rock-n-rolldan metalgacha boʻlgan janrlar kiradi. Qoʻshiqlar matni ham turfa: yengil, quvnoq sheʼrlardan to falsafiy, depressiv mazmunlilarigacha.

Rock-musiqa AQSh va Birlashgan Qirollikdan tarqalib, qoʻshiqlar butun dunyoda ingliz tilida kuylangan. Lekin keyinchalik deyarli har bir mamlakatda milliy rock-guruhlar paydo boʻla boshladi. SSSRga rock-musiqa 1960-yillarda kirib keldi. Shu yillarda Oʻzbekistonda, xususan Toshkentda ham rock-guruhlar yuzaga kela boshladi.

Rock musiqa 1950-yillarda AQShda tijoratkoʻngilochar sanʼatining yangi (rocknroll) shakli sifatida yuzaga kelgan (B.Xeyli, F. Domino, E. Presli, Ch. Berri). Oʻsha davrda keng tarqalgan „shirin ohang“ qoʻshiqlar (F. Sinatra va boshqalar)ga qarshi oʻlaroq Rockda joʻshqin ritm, baland tovush (dinamika), gʻayratli va ehtirosli kuylash uslubi, qushiq matnlarida qoʻpol (adabsiz) iboralar keng oʻrin olgan. Rock ansambllar tarkibi asosini yakka xonanda, elektr (solo, ritm va bas) gitaralar va urma cholgʻular tashkil etadi. Ijro uslubi, ayniqsa, elektrogitaraning jarangdor, kuchli va taʼsirli ovozi, keng texnik va ifodaviy imkoniyatlar yordamida shakl topgan (J. Xendriks, R. Blekmor va boshqalar). 60-yillardan Rock Amerika va Yevropa yoshlarining jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy va axloqiy qadriyatlarga qarshi ijtimoiy (bitniklar, xippi, keyinchalik panklar va boshqalar) harakatlarning maʼnaviy asosi sifatida yirik madaniy jarayon boʻlib rivoj topgan. Bu davrda Yevropa (jumladan, Angliya) guruhlari („The Beatles“, „Rolling Stones“ va boshqalar) Rock taraqqiyotiga alohida hissa koʻshgan. Tarixiy rivoji jarayonida Rock bir necha uslub va yunalishlarga ega boʻlgan. „Hardrock“ („ogʻir, qattiq rock“ — „Led Zeppelin“, „Black Sabbath“, „Scorpions“, „Nazareth“ va boshqalar), „xevi metal“ („ogʻir metall“ yoki „ogʻir qurollar“ — „Black Sabbath“, „Deep Purple“, „Led Zeppelin“, „Metallica“, „Rammstein“), „psixodelik rock“ („Pink Floyd“ va boshqalar), „artrock“ (mumtoz musiqa namunalariga asoslangan rock — „Deep Purple“, „Urian Heep“, „Queen“ va boshqalar), „folkrock“ (Bob Dilan va boshqalar), „glemrock“ („jozibali, yoqimli rock“ — „Kiss“, E. Kuper va boshqalar), „pankrock“ („yomon, yaramas rock“ — „Sex Pistols“ kabi) va boshqa Oʻzbekistonda birinchi Rock guruhlari 1960-yillarning 2-yarmida paydo boʻlgan („Kiberglar“, 1967, „Sigma“, 1968 va boshqalar). Ular repertuaridan Yevropa Rock namunalari bilan birga qayta ishlangan oʻzbek xalq kuylari, Oʻzbekiston kompozitorlari asarlari ham oʻrin olgan. 1970-yillarda asosan, folkrock („Yalla“, „Kvazarlar“, „Navo“ va boshqalar), jazrock („Sintez“, „Inter“, „Sato“ va boshqalar), keyinchalik xevimetal („Reys 09“, „Daumetal“) kabi va boshqa uslublar rivoj topgan.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. Bekov, Olimjon. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

HavolalarTahrirlash