Rojiy (taxallusi; asl ismsharifi Muhammad Yusuf Mahzum ibn Xoʻjamberdi; 19-asr 30-yillari — Xiva — 20-asr boshi) — shoir, tarjimon va xattot. Sheʼrlarining yetakchi mavzui — ishq-muhabbat. Mumtoz adabiyot anʼanalarini ijodiy davom ettirgan, unga yangi mavzu va obrazlar olib kirgan. Gʻazallarida maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib qilgan, kishilarni saxovatpeshalikka, kamtarinlikka undagan ("Choy", "Bel ogʻriq", "Kelur", "Bois" va boshqalar). Navoiy, Fuzuliy, Husayniy, Komil Xorazmiy, Ziyrak va boshqa gʻazallariga muhammaslar bogʻlagan. Xorazm xoni Sayd Muhammadxon (1856—65), Muhammad Rahimxon II (1865—1910) ga bagʻishlab qasidalar bitgan. "Ravzat ussafo" (Mirxond)ning 4—5-boblarini va bir qancha adabiy asarlarni fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 200 misradan ortiq sheʼrlari 3 devonida bizgacha yetib kelgan. Xattotlik qilgan, tanburni yaxshi chalgan. Devoni qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi (inv. №922, 1119, 1271).

Adabiyot

tahrir
  • Yunusov Yu., Xorazm shoirlari, T., 1967; Murodov A., Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan, T., 1971.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil