Saidrasul Saidazizov

(Saidazizov Saidrasuldan yoʻnaltirildi)

Saidazizov Saidrasul (1866 Toshkent — 1933.3.2) — maʼrifatparvar, shoir, tarjimon. Toshkentda Mahmud dasturxonchi madrasasida tahsil koʻrgan, rus-tuzem maktabini tugatgan (1900). Oʻzi oʻqigan madrasada mudarrislik qilgan, rus-tuzem maktabi, oʻqituvchilar seminariyasida "sharqiya muallimi" boʻlib ishlagan (1900 yildan). Moskva va Peterburgga sayohat qilgan (1910). Taassurotlari "Turkiston viloyatining gazeti"da bosilgan (191011). V. V. Bartold, A. N. Samoylovich, S. M. Gramenitskiy kabi rus ziyolilari bilan doʻstona munosabatda boʻlgan. A. oʻzbek, tojik va arab tillarida ijod qilgan. Gʻazal, fard, ruboiy, taʼrix va boshqa janrlardagi sheʼrlar, publitsistok maqolalar, "Ustozi avval" darsligi (1902) muallifi. Gʻazallari ishqiy mavzuda, boshqa sheʼrlarida ilm-maʼrifatli boʻlish, odob, axloqlilik ulugʻlangan. Toshkentda yangi usuddagi mahalliy maktablar ochgan, ularni rus-tuzem maktablaridagi taʼlim-tarbiya metodikasi asosida ishlangan dastur va darsliklar bilan taʼminlagan, oʻqituvchilik ham qilgan. "Tovush usuli" ("Usuli savtiya") metodidagi "Ustozi avval" darsligi 17 marta nashr etilgan. U I. A. Krilov ("Tulki bilan uzum", "Zuluk bilan ilon" va boshqalar), L.N. Tolstoy ("Qishloqi birla bolasi", "Fatonat" va boshqalar), asarlarini oʻzbek tiliga ilk bor sheʼriy tarjima qilgan.

AdabiyotTahrirlash

  • Sharipov J., Badiiy tarjimalar va mohir tarjimonlar, T., 1972; Yusupov Sh., Furqat yoʻllarida, T., 1984. Qosimov B., Dolimov U., Maʼrifat dargalari, T., 1990.

Begali Qosimov.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil