Sajox
Sajox - soxta paygʻambar ayol. Oʻzini xudoning elchisi deb eʻlon qilgan va islomni qabul qilgan arablarning bir qismini yoʻldan urishga erishgan. Sajox tagʻlibiylar orasida voyaga yetgan va ular orasida tarqalgan xristianlikdan yaxshi xabardor boʻlgan. Muhammad (sav) hayotliklari chogʻidayoq u xudoni "bulutlar egasi" deb atab, undan xabarlar kelayotganini bildirgan. "Vahiylar"ni qofiyali sajʻ usulida, maxsus minbardan turib aytgan, ibodatga chaqiruvchi muazzini ham boʻlgan. Iroqdan Sajox bir guruh tarafdorlari bilan oʻzining qadrdon tamim qabilasi hududiga koʻchib oʻtgan, u yerda qabilaning oʻzaro kurashayotgan qismini birlashtirishga muvaffaq boʻlib, ularni harbiy yurishlarga boshlab boradigan siyosiy rahbarga aylangan. Bir necha muvaffaqiyatsizliklardan soʻng 633 yilda tamimiylar Yamomaga bostirib kirganlar. Bu yerda hanifa qabilasi boshligʻi, "paygʻambar" Maslama (Musaylima) ichki nizolarni tinchitish va musulmonlarning hujumlarini qaytarish bilan band edi. U Yamomadan olinadigan ikki hosilning yarmini berish evaziga tamimiylardan qutulgan. Sajox bilan Maslama oʻrtasida yana qandaydir bir vaqtinchalik shartnoma ham tuzilgan. Musulmon rivoyatlariga koʻra, ular oʻrtasida nikoh shartnomasi tuzilib, musulmonlar bilan boʻlgan jangda Sajox Maslama yonida halok boʻlgan. Aslvda esa, Sajox Yamomaga qilingan yurishdan soʻng Iroqqa qaytib, keyinchalik oʻsha yerda islomni qabul qilgan.