Salavk I Nikator (yun. Seleukos Nikator — "Muzaffar") (mil. av. 358/ 354281/280) — Salavkiylar davlati va sulolasi asoschisi. Makedoniyalik mashhur Antioxning oʻgʻli. 326-yil Aleksandrning Hindistonga qilgan yurishlarida mashhur sarkarda sifatida nom chiqardi. Aleksandr oʻlgandan keyin uning safdoshlari (diadoxlar) bilan taxt uchun shafkatsiz kurash olib bordi. Miloddan avvalgi 321-yil Bobil satrapligini boshqarish unga topshirilgan. Miloddan avvalgi 312-yilga kelib ("salavkiylar erasi"ning boshlanishi) bu yerda mustahkam oʻrnashib olgach, Midiya, Suziana va Forsiya (Persida)ni, keyinchalik Baqtriyani ham oʻz mulkiga qoʻshib oldi va oʻzini shoh deb eʼlon qildi. Taxminan miloddan avvalgi 305-yilda Hindistonga muvaffaqiyatli yurish qildi, lekin Gʻarbdan tashvishli xabar olgandan soʻng , hind shohi Chandragupta bilan 500 fil evaziga sulh tuzdi va egallab olgan hududni qaytarib berdi. Ipsdagi jang (mil. av. 301-yil) natijasida (diadoxlar oʻrtasida yer boʻlinganda) Mesopotamiya va Suriyani oldi. Mil. avv 281-yil Lisimaxni tormor qilib Kichik Osiyoning deyarli hamma hududini egallab oldi. Salavk I Makedoniyaning podshosi boʻlish maqsadida Frakiya va Makedoniya tomon yurish boshlagan. Lekin, Ptolemey Lagning oʻgʻli Ptolemey Keravn tomonidan oʻldirilgan. Salavk I 70 ga yaqin shaharga asos solgan. Bu shaharlar Salavkiylar davlatining tayanchiga aylangan.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil