Samariya (asar)
„Samariya“ — Abu Tohirxoja Samarqandiyning Samarqand sh. tarixiga oid asari. „Samariya“ 11 bob, muqaddima va xotimadan iborat boʻlib, Samarqandning bunyod etilish tarixi, shaharning Samarqand deb atalish sabablari, geografik holati, ob-havosi va XIX asrning I choragiga qadar saqlanib qolgan osory atiqalari, shuningdek, masjid va madrasalar, koʻshklar va mozorlar haqida maʼlumot beradi. Bundan tashqari, asarda mashhur tarixiy shaxslar, islomning koʻzga koʻringan namoyandalari va ularning hayotiga oid axborotlar ham koʻp. Asar oʻtgan asrning soʻnggi choragida V. L. Vyatkin tomonidan 1-marta rus tiliga tarjima qilinib, 1898-yilda Samarqandda chop qilingan. N. I. Veselovskiy tomonidan asarning koʻhna qoʻlyozma nusxalari asosida 1904-yil Sankt-Peterburgda fors-tojikcha tanqidiy matni bosilgan. Veselovskiy „Samariya“ning mazkur nashriga K. P. Kaufman amri bilan Nuriddin Basir (Qutbi chahordahoʻm nomi bilan mashhur boʻlgan, 1878-yilning avgust oyida portlatib yuborilgan) mozorining rasmi va loyihasini hamda mozorga vaqf qilingan yersuv va mulk haqidagi vaqfnomani ilova qilgan. Asar 1921-yil forschadan oʻzbek tiliga Abdulmoʻmin Sattoriy tomonidan tarjima qilingan. 1925-yil S.Ayniy tahriri bilan nashrga tayyorlanganicha qolib ketgan. 1991-yil „Samariya“ning shu nusxasi (nashrga tayyorlovchilar B. Ahmedov, A. Juvonmardiyev) oʻzbek tilida Toshkentda nashr etilgan. Qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. (inv. № 600).
Adabiyot
tahrir- Abu Tohirxoja, Samariya, T., 1991.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |