Sangardak yurineyasi
Sangardak yurineyasi (Jurinea sangardensis) — murakkabguldoshlar oilasi, yurineya turkumiga kiruvchi koʻp yillik, gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga endemik tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati Hisor tizmasidagi Sangardakdaryo va To‘polondaryo havzalarga uchraydi[1].
Sangardak yurineyasi | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Yurineya |
Oila: | Murakkabguldoshlar |
Binar nomi | |
Jurinea sangardensis |
Tavsifi
tahrirBalandligi 80 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Kuchli oʻq ildiz tizimiga ega. Poyalari kamroq, tik oʻsgan, yuza qismi joʻyakli, bezchalar bilan qoplangan. Barglarining ustki tomoni yashil, biroz gʻadir—budir, ostki tomoni kulrang chalkash tuklar bilan qoplangan. Barglari navbatma-navbat joylashgan. Poyaning pastki qismida joylashgan barglari bandli, qolganlari bandsiz, yaprogʻining pastki qismi poyani oʻrab olgan, shakli toq patsimon, poya yuqorisida joylashgan barglari ipsimon. Gullari quvur shaklida, ikki jinsli, savatcha toʻpgulda yigʻilgan. Savatchasi koʻp gulli, silindrsimon shaklda. Oʻrama bargchalari savatchaga yopishgan, barg tomirlari yogʻon. Gultojibarglari qirmizi pushti rangda. Urug‘i biroz choʻziq, teskari piramidasimon shaklda, yuzasi tuksiz silliq. Iyunda gullab, mevasi iyul-avgustda pishadi. Unib chiqqanining 5—6 yilidan boshlab urug‘ bera boshlaydi. Urug‘i orqali jinsiy yoʻl bilan koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiat kam tarqalgan endemik tur. Surxondaryo viloyati hududida Hisor tizmasidagi Sangardakdaryo va To‘polondaryo havzalarida uchraydi. Daryolar boʻyida, togʻlarning oʻrta qismidagi yonbagʻirlarda, mayda jins tuproqlarda, archazorlarda oʻsadi. Populyatsiya sonining kamayib ketish sabablari aniqlanmagan. Madaniylashtirilmagan[2]. Surxondaryo davlat qoʻriqxonasida muhofaza ostiga olingan.
Manbalar
tahrir- ↑ „Jurinea sangardensis“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.