Sariq suv kasalligi — istisqo, organizm boʻshliqlari (plevra, qorin, boʻgʻim va boshqalar) toʻqimalari, moyak pardalari va boshqa aʼzolarda suyuqlik toʻplanishi. Bu kasallik koʻpincha yurak qon-tomir xastaliklarida, o'smalar, buyrak kasalligida, ochlikda, ayrim zaharlanishlarda kuzatiladi.

Alomatlari

tahrir

Yurak kasalliklarida oyoqlarda shish paydo boʻladi, asta-sekinlik bilan tananing yuqorisiga chiqadi. Buyrak kasalligida shishlar yuzda paydo boʻladi, soʻng butun tanani qoplab oladi. Kasallik boshlanganida siydik pufagida kuyishish seziladi. Jigar kasalligida esa qorin istisqosi paydo boʻladi. „Istisqo turlarining hammasida oldin ikki oyoq, keyin qoʻl, koʻz va oyoq barmoqlari ham shishadi. Istisqoning hamma turlari ham qattiq tashnalik va nafas qisishisiz boʻlmaydi, suvga tashnalik kuchliligidan ovqatga ishtaha oz boʻladi“ – deydi Ibn Sino.

Turlari

tahrir

Sharq tabobatida „sariq suv kasalligi“ nomi bilan atalgan va qadimdan tabiblarni tashvishga solgan istisqoning bir necha turlari boʻlib, inson tanasining qaysi aʼzosi sohasida joylashganiga qarab nomlangan va har birining davolash tartibi va usullari qoʻllangan. Masalan, XVI asrda yashagan Shahobiddin Abdulkarim oʻgʻli „Kasalliklar davosi“ risolasida ushbu xastalikning tabiiy, zaqqiy, lahmiy turlari borligini taʼkidlab, ayrim mamlakatlarda boshqa nomlar bilan ham atalashini aytadi.

Tabla istisqosi

tahrir

"Tabla" soʻzi nogʻorni anglatadi. Demak, istisqoning bu turi „nogʻorasimon istisqo“ deb atalgan. Ibn Sinoning yozishicha, kasallikning bu turiga yel sababchi boʻladi. Odam qorni yeldan meshkobday qappayib, qoʻl bilan chertilsa, nogʻoraga oʻxshab daranglaydi. Shahobiddin tabib bu kasallikka pishirilgan sarimsoqni asalga qoʻshib, qirq kun yedirilsa, bod – qorindagi yel ketib, bemor tuzalishini aytadi. Echkining sutini kanakunjut moyiga aralashtirib, toʻrt oy berilsa ham bemor tuzalishi aytib oʻtilgan.

Zaqqiy istisqosi

tahrir

Zaqqiy istisqosi – qorinda zardob suvi yigʻilishi. Shahobiddin tabib bunday kasallik bilan ogʻrigan bemorlarni birdan-bir tuzalish yoʻli – kindik ostidan teshib, naycha orqali zardobni tortib olishni taklif qiladi.

Lahmiy istisqosi

tahrir

Lahmiy istisqo – qorinda shish, jigarda tugun paydo boʻlishi. Birinchi bosqichdan davosiz kasallikka aylanishi mumkin.[1]

Manbalar

tahrir
  1. O'ljaboyeva, Nortosh. Istisqo, sariq suv kasalligi, Ilmiy-ommabop nashr, Toshkent: Yangi asr avlodi, 2009-yil — 321-322-bet.