Sarkazm (yun. sarkasmos, sarkaro — aynan: goʻshtni nimtalayman, porapora qilaman) — komiklik turi, badiiy uslub vositalaridan biri; mas’haralab murosasiz kulgi asosiga qurilgan fikrmulohaza. Zaharxanda, istehzoli achchiq kinoya. Biroq Sarkazmda obʼyektga munosabat kinoyadagidek „yuvosh, beozor“, „hazil“ shaklida boʻlmaydi, aksincha qahr-gʻazab, nafrat ohangi sezilib turadi. Unda obʼyektni yer bilan yakson etuvchi, uyaltiruvchi haqoratomuz maʼnolar ifodalanadi. S.da kinoyaga xos 2 maʼnolilik mavjud boʻladi va shu xususiyati bilan toʻgʻridan toʻgʻri ayblanuvchi yoki haqorat etuvchi nuqtalardan farqlanadi. Fosh etish S.ning harakterli xususiyatlaridan boʻlsada, rad etish uning asosiy mohiyati. Bunga koʻra, S. kinoyadan va uning askiya, maynabozchilik, mazax, piching, tahqirlovchi kulgi kabi turlaridan yuqori turadi. S. lirik va dramatik janrlarda, publitsistika, yumoristik va hajviy asarlarda, shuningdek, notiqlik sanʼatida keng qoʻllaniladi. Adabiyotshunoslikda S. antik davrdan maʼlum. J.Svift, Servantes, Gogol, Saltikov Shchedrin, Mayakovskiy, Hamza, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad va boshqalar Sdan samarali foydalanganlar[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil