Sayilgoh koʻchasi (Toshkent)
Sayilgoh koʻchasi — shahar markazida, Amir Temur xiyoboni va Buyuk Turon koʻchasi oraligʻida. Uzunligi 1 km atrofida.
Umumiy maʻlumotlar | |
---|---|
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Shahar | Toshkent |
Tuman | Yunusobod |
Uzunligi | 1 km |
Yaqin metro bekatlari | Mustaqillik maydoni |
Avvalgi nomlari |
Salor koʻchasi Sobor koʻchasi Kaufman koʻchasi Karl Marks koʻchasi |
Koʻchada joylashgan binolar |
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi „Zarafshon“ restorani |
XIX asrning 2-yarmida Toshkentning Yangi shahar qismi qurilishi jarayonida tashkil topgan. Oʻtmishda eng gavjum koʻchalardan hisoblangan. Sobor maydonini (hozirgi Mustaqillik maydoni) shahar bogʻi (hozirgi Toshkent viloyat xokimiyati hududi) bilan bogʻlagan, 1889-yil Iosif-Georgiyevskiy ibodatxonasi qarshisiga knyaz Nikolay Konstantinovich Romanovga atab saroy qurilgan. 1918-yildan bu binoda Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi, 1935-yildan Respublika pioner va ukuvchilar saroyi (hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligining qabullar uyi) boʻlgan. Koʻchaning ikki tomoniga ilk bor pishgan gʻishtdan zamonaviy binolar qurilgan. XIX asrning oxiri va XX asr boshida koʻcha yoʻnalishida „Filipp Kaplan va oʻgʻillari“ savdo uyi, Orifxoʻja Azizxoʻjaev savdo uyi, I. I. Krauze, Robinovich-Rudnik, A.Beknazarov dorixonalari, Rus-Osiyo banki boʻlimi, V. M. Ilin bosmaxonasi, Dorojnovning gazlama doʻkoni, qizlar va oʻgʻil bolalar gimnaziyasi (hozirgi Yuridik instituti binosi) va Orifxoʻja, I. M. Melnikov doʻkonlari, tikuvchi Tsveygman ustaxonasi, fotosalon, attorlik mollari doʻkoni, gastronom, poyabzal, atir-upa, soatlar, gul, zargarlik va kitob doʻkonlari, bufet, oshxonalar boʻlgan[1].
Dastlab Salor, Sobor, Kaufman nomlari bilan yuritilgan. 1918-yil Karl Marks nomi berilgan. 1990-yilgacha koʻcha Selmash koʻchasigacha davom etgan. Oʻsha yili koʻchaning Amir Temur xiyobonidan Selmash koʻchasigacha boʻlgan qismi, 1991-yildan Selmash koʻchasi ham Hamza koʻchasi deb nomlandi. 1999-yil 21-yanvardan Musaxonov, 2005-yil oktabrdan Pahlavon Mahmud, 2008-yil 9-iyundan Taraqqiyot koʻchasi deb ataladi. Amir Temur xiyobonigacha boʻlgan qismi 1993-yil 30-iyundan Sayilgoh nomi bilan yuritiladi.
Yoʻnalishida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, ommaviy tadbir sahnasi, choyxona, „Zarafshon“ restorani, savdo majmuasi, "Mustaqillik maydoni" metro bekati, yuridik kitob doʻkoni va boshqa joylashgan. Mustafo Kamol Otaturk koʻchasi bilan kesishgan.
Mustaqillik yillari koʻchada keng qamrovli rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan, koʻcha yoʻnalishidagi Oʻzbekiston rus akademik drama teatri boshqa joyga koʻchirildi. Yoʻl asosi, tungi yoritish va irrigatsiya tizimi zamonaviy talablar asosida yangilandi. Koʻcha piyoda sayr qiluvchilar uchun moslashtirildi va madaniy hordiq chiqarish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratildi. Istiqlol koʻchasi oraligʻi yashil zonali xiyobonga aylantirildi. Yaqinida Mustaqillik maydoni, Yoshlar ijod saroyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, „Poytaxt“ mehmonxonasi, "Alp Jamol" banki, „Sharq-mir“ va „Ardus“ supermarketlari bor.
Galereya
tahrirSayilgoh koʻchalari
tahrir
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Toshkent. Ensiklopediya, 2009-yil.