Sayyoralarning yoʻldoshlari — sayyoralarning tortish kuchi taʼsirida ularning atrofida aylanuvchi kosmik jismlar. Yerning 1 ta (Oy), Marsning 2 ta, Yupiterning 16 ta, Saturnning 17 ta, Urannit 15 ta, Neptunning 2 ta va Plutonning 1 ta yoʻldoshi bor. Merkuriy, Veneraning yoʻldoshlari topilmagan. Sayyoralarning yoʻldoshlari kashf etilish vaqtiga qarab ular rim rakamlari bilan belgilangan. Yupiterning eng yirik va yorugʻ yoʻldoshlari Io, Yevropa, Ganimed, Kallistolar 1610-yil Galiley tomonidan kashf etilgan.

Sayyoralarning yoʻldoshlari, asosan, ellipsga yaqin orbitalar boʻylab toʻgʻri yoʻnalishda, yaʼni sayyoraning Quyosh atrofida aylanish yoʻnalishida (ekliptikaning shimoliy qutbidan qaraganda soat strelkasiga qaramaqarshi) harakatlanadi. Uranning yoʻldoshlari, Yupiterning VIII, IX, XI, XII yoʻldoshlari, Saturnning IX, Neptunning I yoʻldoshi teskari harakatlanadi.

Sayyoralarning yoʻldoshlari sayyoraning orbital harakatiga kuchsiz boʻlsada taʼsir koʻrsatadi, natijada uning trayektoriyasida juda kam miqdorda chetlanishlar kuzatiladi. Bu chetlanishlarning qiymati Sayyoralarning yoʻldoshlari massasini hisoblashga imkon beradi. Sayyoralarning yoʻldoshlarining eng kattalari Saturnning Titan, Yupiterning Ganimed, Kallisto yoʻldoshlari boʻlib, ularning har biri massasiga koʻra, Oydan katta, diametri boʻyicha esa undan salkam 1,5 marta katta. Ulkan Sayyoralarning yoʻldoshlari diametrlarining Yerdan koʻrinish burchagiga qarab, kichiklarining diametrlari esa, oʻz sayyoralari bilan toʻsilganda, toʻsilish vaqtiga koʻra hisoblanadi. Sayyoralarning yoʻldoshlaridan faqat Titan va Tritonda (Neptunning yoʻldoshi) atmosfera borligi aniklangan. Titanning atmosferasi, asosan, metan, ammiak va qisman azotdan tashkil topgan. Katta yoʻldoshlar shar shaklida, Fobos va Deymos (Marsning yoʻldoshlari) kabi kichikroq yoʻldoshlar esa biror geometrik shaklga ega emasligi va ular ulkan tosh qoya shaklidaligi aniqlangan.

Sayyoralarning yoʻldoshlarining tuzilishi va harakatini oʻrganish kosmogoniyada katta ahamiyatga ega.

Adabiyot

tahrir
  • Ksanfomaliti L. V., Sputniki vneshnix planet, M., 1987.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil