SERBIYA (Cp6nja, Sradije) Serbiya Respublikasi — Serbiya va Chernogoriya tarkibiga kiruvchi respublika. Dunay havzasida joylashgan. Maydoni 88,4 ming km². Aholisi 9,8 mln. kishi (1997). Poytaxti — Belgrad sh. 2 muxtor oʻlka — Voyevodina hamda Kosova va Metoxiyani oʻz ichiga oladi. Maʼmuriy jihatdan S. tumanlarga, tumanlar jamoalarga boʻlinadi. Serb (65,4%), alban (16,5%), venger (3,3%) va boshqa xalqlar yashaydi. Rasmiy til — serb tili. Aholi xristian (pravoslav va katolik), islom va boshqa dinlarga eʼtiqod qiladi. S.ning oʻz konstitutsiyasi, parlamenti (skupshchina) va hukumati bor.

Tabiati. S.ning shim.gʻarbiy qismini Oʻrta Dunay tekisligining jan. chekkasi egallaydi. Uning yonida FrushkaGora tog massivi (bal. 539 m gacha) joylashgan. Sava daryosi va Dunayning kengayib oqadigan qismi oʻng sohili boʻylab Serb togʻ tizmalari va massivlari hamda Sharqiy Serb togʻlari oʻtadi. Chekka jan.gʻarbda Kosovo maydoni va Metoxiyaning bepoyon pasttekisligi yastangan. S.ning eng baland nuqtasi (2764 m) Albaniya chegarasidagi Korabi togʻ tizmasida joylashgan. Iqlimi moʻtadil, kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0—G, iyulniki 18—23°. Yillik yogʻin 500–800 mm (togʻlarda 1000 mm gacha). Asosiy daryolari — Dunay, Sava, Tisa, Morava, Drina. Togʻlar oraligʻidagi vodiylar va payettekisliklarda mevali bogʻlar barpo etilgan. S. hududining 1/4 qismiga yaqini oʻrmon, asosan, buk daraxtzorlaridan iborat. Kosovo muxtor oʻlkasida qoʻrgʻoshinrux rudalari, Moravaning oʻng sohilida toshkoʻmir va qoʻngʻir koʻmir, Sharqiy Serb togʻlarida mis, Voyevodinada neft va gaz konlari bor. Hayvonot dunyosi xilmaxil: tekisliklarda kemiruvchi, quyon, togʻlarda bugʻu, yovvoyi echki, toʻngʻiz, silovsin va boshqa bor. Turli qushlar, jumladan, yovvoyi va suvda suzuvchi qushlar, toshli qoyalarda kaltakesak, ilonlar uchraydi. Dengizda baliq turi koʻp.

Tarixi. S hududida odam paleolit davridan yashay boshlagan. Jez davrida illiriy, frakiy, keyinroq kelt qabilalari yashagan. Bolqon yarim orol rimliklar qoʻliga oʻtishi (mil. av. 229 y. — mil. 106 y.) mahalliy qabilalarning romanlashuviga olib keldi. 6—7-asrlarda bu yerga slavyanlar kelib oʻrnashdi. 10-asr oʻrtalarida davlat — Serb knyazligi paydo boʻddi. 1217-yil qirollikka aylandi. Stefan Dushan idora qilgan yillar (1331—55)da yirik SerbiyaGretsiya davlati barpo etildi. 1389-yil Kosovo maydonidagi jangda turk qoʻshinlari serblarni magʻlubiyatga uchratgach, S.ni oʻziga qaram qilib oldi, 1459-yil esa Turkiya tarkibiga qoʻshib olindi. 18-asr oxiridagi RossiyaTurkiya urushlari serb xalqining milliy ozodlik harakatiga turtki boʻldi. 1804—13 yillarda birinchi serb qoʻzgʻoloni serb davlatini qayta tiklash yoʻlidagi harakatning boshlanishi boʻldi. 1815-yil ikkinchi serb qoʻzgʻoloni ozodlik kurashini davom ettirish uchun negiz yaratdi. Turkiya sultonining 1830 va 1833-yillardagi farmonlariga koʻra, S. Turkiya panohi ostidagi oʻzini oʻzi idora qiladigan muxtor knyazlik deb eʼlon qilindi. S. 1878-yil Berlin kongressining qaroriga binoan, toʻla mustaqillikka erishdi va oʻz hududini birmuncha kengaytirib oddi (1882-yildan qirollik). 1903-yil Serbiya sotsialdemokratik partiyasi va yagona kasaba uyushma tashkiloti tuzildi. S. 1912—1913-yillardagi Bolqon urushida qatnashdi. 1915—1918-yillarda Avstriya-Vengriya qoʻshinlari tomonidan okkupatsiya qilib turildi. 1918-yil sobiq Avstriya-Vengriya tarkibidagi jan. slavyan yerlarining koʻp qismi S. bilan birga Serblar, xorvatlar va slovenlar qirolligi (1929-yildan Yugoslaviya)ga birlashdi. 1941-yil S.ni Germaniya bosib oddi. Nemislar general M.Nedich boshchiligida Serb hukumati deb atalgan hukumat tuzdilar. 1944-yil oktabrda S. ozod qilindi. 1945-yil noyabrdan S. Yugoslaviya tarkibidagi olti respublikaning biri boʻldi. 1991-yilda Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi parchalanib, undan Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya chiqib ketgach, Serbiya bilan Chernogoriya Yugoslaviya Ittifoq Respublikasini tuzdilar. 2003-yil 4-fevraldan bu davlat Serbiya va Chernogoriya deb atala boshladi.

Xoʻjaligi. S. — Serbiya va Chernogoriya davlatining iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan qismi. Mahalliy foydali qazilma konlari negizida qoʻngʻir kumir va lignit (Kolubar, Kostolatskiy, Kosovo va boshqa havzalarda), neft (Voyevodinada), mis (Bor, Maydanpek va Sharqiy Serb togʻlarida), qoʻrgʻoshin, pyx (Svetozarevo va Sevoynoda), surma korxonalari barpo etilgan. Smederevoda qora metallurgiya kombinati bor. Elektr energiya issiqlik va gidrostyalari hamda Dunay boʻyida qurilgan „Temir darvoza“ gidromajmuasida hosil qilinadi. Rangli metallurgiya bilan birga kimyo (asosan, mineral oʻgʻit, kislota, zaharli kimyoviy moddalar) va elektrotexnika (akkumulyator va kabel i.ch.) sanoati rivojlangan. Koʻp tarmokli mashinasozlik (elektron, kon, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik), toʻqimachilik, yogʻochsozlik, koʻnpoyabzal, oziq-ovqat sanoati tarmoklari mavjud. Asosiy sanoat markazlari — Belgrad, Kraguyevats, Nish, Novi Sad va boshqa

Qishloq xoʻjaligi don (bugʻdoy, makkajoʻxori, suli), texnika ekinlari (qand lavlagi, zigʻir, kungaboqar) yetishtirishga va chorvachilikka ixtisoslashgan. Qoramol, choʻchqa, parranda, togʻli joylarda qoʻy boqiladi. Bogʻdorchilik, tokchilik rivojlangan. Oʻrmon xoʻjaligiga aloqida eʼtibor beriladi. Transport yoʻli va suv transportining keng tarmogʻi barpo etilgan.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Taʼlimning asosiy turi — 8 y.lik maktab. Toʻla oʻrta taʼlimni gimnaziya beradi. Malakali ishchi, texnik va mutaxassislar tayyorlovchi maktablar va maxsus maktablar tashkil etilgan. Belgrad (1863), Nish (1965), Novi Sad (1960), Prishtina (1970) universitetlari bor. Serb fanlar va sanʼat akademiyasi (1886-yilda asos solingan), yadro fizikasi (1947), oʻsimlikshunoslik (1945), qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash (1947), seysmologiya (1906) ilmiy tadqiqot institutlari, koʻpgina ilmiy jamiyat va uyushmalar, universitetlar huzurida ilmiy tadqiqot institutlari bor. 1102 xalq kutubxonasi, 433 ilmiy va maxsus kutubxona mavjud. Belgradda amaliy sanʼat, xorij sanʼati va zamonaviy sanʼat, etnografiya muzeylari, rasmlar galereyasi ochilgan.

Kundalik gaz.lari: „Borba“, „Politika“, „Politika ekspress“, „Vecherne novine“, „Rad“, „Madʼyar so“ va boshqa 40 dan ortiq radiostya, Belgradda (1958-yildan), Prishtina va Novi Sadda (1972-yildan) telemarkazlar ishlaydi.

Adabiyoti. S. adabiyotining dastlabki namunalari 9-asrning 2-yarmida paydo boʻlgan. Oʻrta asrlar adabiyoti diniynasihat ruhida boʻlgan. Konstantin Filosofning „Zolim Stefan Lazarevich qissasi“ (1431—35) asarida hukmdorlarning oʻzaro kurashi va xorijiy bosqinchilarga qarshi jang manzaralari tasvirlanadi. 15-asr oxiri — 16-asr boshlarida serb tilida kitob nashr etila boshladi. Turklar tasarrufidagi davrda serb xalqining maʼnaviy hayoti xalq ogʻzaki ijodiyotidagina ifodalandi. Dunyoviy adabiyotga asos solgan Dositey Obradovich (1742— 1811) serblarning madaniy uygonish jarayonini aks ettiruvchi asarlar yaratdi. 19-asrda Yevropa xalqlari adabiyoti bilan hamohang rivojlangan S. adabiyotida ham klassitsizm (L. Mushitskiy), sentimentalizm (M. Vidakovich, Y. Vuyich), romantizm (J. Yakshich, L. Kostich va boshqalar) kabi oqimlar ruhidagi asarlar dunyoga keldi. Bu davr adabiyoti rivojida Novi Sad adabiy markazi, „Danitsa“, „Yavor“ va „Matitsa“ jur.lari muhim rol oʻynadi. 60y.larda adib va publitsist S. Markovich makrlalari adabiyotda realizmga asos soldi. Dastlabki realistlar — M.Glishich, L. Lazarevich, Ya.Veselinovich ijodiyoti (19-asr oxiri — 20-asr boshlari) koʻproq ijtimoiymaishiy nasr janrlariga mansubligi seziladi. Ya.Ignyatovich, S. Matavul, S. Rankovich romanlarida realizmning badiiy mazmuni doirasi kengaytirilib, murakkab ijtimoiy-tarixiy muammolar oʻrtaga qoʻyiladi. Satira janrida ijod qilgan R. Domanovich, B. Nushich (nasr), V. Ilich (nazm) realizmni rivojlantirdilar.

Birinchi jahon urushidan keyin A. Andrich, M. Srnyanskiy, S. Vinaver kabi ekspressionist shoirlar adabiyot maydoniga kirib keldilar. Ularning baʼzi birlari xalq, kechinmalarini tasvirlash orqali urushni laʼnatlasa, ayrimlari xalq qahramonlarini ulugʻlaydi. B.Nushichning „Tarjimai holim“ qissasi, „Vaziraxonim“, „Mister dollar“ va boshqa hajviy komediyalari ayniqsa shuhrat qozondi. Fashistlar okkupatsiyasi davrida koʻpgina adiblar (Zogovich, Popovich, B. Chopich, M. Palich, Menderovich va boshqalar) ozodlik kurashida katnashish bilan birga adabiy faoliyatni davom ettirdilar.

S. ozodlikka erishgach, Serb yozuvchilari jamiyati tuzildi. 50y.larning boshlarida xalq ozodlik urushi va yangi hayot mavzulari adabiyotda asosiy oʻrin oldi. O. Davicho, M. Dedinats, S. Vukosavlevich, E. Kosh sheʼriyati, I. Andrichning nasriy asarlari eʼtibor qozondi. Yangi janr — radiodrama vujudga keldi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. S. hududi Oʻrta dengiz, Yaqin Sharq, Egey dengizi boʻyi mamlakatlari va Fapbiy Yevoopa madaniyati birbiriga tutashgan joy boʻlgani tufayli unda qad. dunyo va oʻrta asrlar madaniyati oʻz aksini topgan. Neolit davriga mansub pastqam turar joylar, xilmaxil shakldagi sopol idishlar, odam va jonivorlarning guldor va sayqallangan haykalchalari saqlanib qolgan. Jez davri madaniyati Egey boʻyi mamlakatlari madaniyati bilan bogʻliq boʻlsada, unda mahalliy anʼanalar (chiroyli chiziklar bilan bezalgan sopol koʻzalar, qush boshli maʼbudalar) ham aks etgan. Mil. av. 1ming yillikka mansub istehkomli manzilgohlar, frakiylar, illiriylar, keltlarning zargarlik buyumlari, mayda jez haykalchalari uchraydi. Mil. av. 2-asr — mil. 4-asrda rimliklarning harbiy istehkomlari va ular yonida jamoat binolari, saroylar, hammomlar qurilib, Singidunum (hozirgi Belgrad), Naissus (hozirgi Nish) barpo etilgan. 5—6-asrlarda Vizantiya shaharlari (SarichinGrad), ularda ibodatxona va saroylar, turar joy va savdo binolari quriddi. 6—9-asrlarga oid vizantiyaliklar va qad. slavyanlarning oltin taqinchoqlari va kumush anjomlari diqqatga sazovar. 9—10-asrlarda yogoch, tosh kalʼalar, xristianlarning devorlarga diniy rasmlar ishlangan gumbazli ibodatxonalari va shohona binolar qurila boshladi. Oʻrta asrlarda S. shaharlari markazida savdo maydoni, radial koʻchalar, 2—3 qavatli imoratlar boʻlgan. Yogʻoch, tosh, somon uylarning ikki nishabli tomi taxta yoki tosh plitalar bilan yopilgan. Shahar va monastirlar tosh devorlar bilan oʻralgan. 14-asr 2-yarmida ixcham shaklli xochgumbazli ibodatxonalar quriddi (toʻrt ustunli Manasiya monastiri, 1407—18 va ustunsiz Kalenich monastiri, 1405—13), ular folklor ruxidagi garoyib rasmlar bilan bezatilgan, gʻishtli jimjimador qilib terilgan, tarashlangan va sirlangan sopol bilan naqshlangan. Shu davrda yogʻoch oʻymakorligi, zardoʻzi kashtachilik, kulolchilik rivojlangan. 15-asrdan boshlab turklar bu yerda machit, minora, karvonsaroy, tim va hammomlar qurishdi. 2—3 qavatli sinchli uylar barpo etish urf boʻldi.

19-asrda muntazam shaqarsozlik unsurlari paydo boʻldi, mahalliy oʻrta asr meʼmorligi anʼanalari asosida (Belgraddagi knyaz qizi Lyubitsa uyi, 1829—36, meʼmor X.N.Jivkovich), yevropacha eklektika ruhida (Belgraddagi Xalq teatri, 1868—69, meʼmor A. Bugorskiy), 20-asr boshlarida „Modern“ uslubida (Belgraddagi „Moskva“ mehmonxonasi, 1906, meʼmor Y. Ilkich) va yangi vizantiyacha usulda (Belgraddagi Aleksandr Nevskiy cherkovi, 1918, meʼmor Ye. Nadich) binolar qurildi. 19—20-asrlar rassomlari xalq, xayotini, tabiat goʻzalligini, milliy ozodlik kurashini tasvirlovchi goʻzal asarlar yaratishdi. A. Teodorovich, D. Avramovich, J. Yakshich, U.Predich, N.Petrovich rang-tasvir, K. Danil, M. Pyade portret janrida ijod qildilar. Xalq hunarmandchiligida kashtadoʻzlik, gilam toʻqish, yogʻoch va tosh oʻymakorligi, kulolchilik muhim oʻrin olgan.

Musiqasi. Serblar musiqasi turli slavyan xalqlari, Vizantiya, Kad. Rim va musulmon Sharq musiqa anʼanalari negizida qaror topgan. Serblar hayotida, asosan, qoʻshiq ijodkorligi rivojlangan. Epik qoʻshiklarni xalqbaxshilari qoʻbizsimon gusle cholgʻu asbobi joʻrligida ijro etgan. Ayniqsa, sevgi qoʻshiqlari musiqiy va nazmiy goʻzalligi bilan ajralib turadi, davra oʻyin (kolo) qoʻshiklari ham ommalashgan. S.ning dastlabki kompozitorlari — Y. Shlezinger harbiy orkestrda kapelmeysterlik qilgan. N. Jurkovich esa xonanda, aktyor va xormeyster boʻlib, ilk musiqali spektakllarni yaratishgan. 1838-yil Panchevoda birinchi xor toʻgaragi, 1853 i. Belgrad qoʻshiqchilik jamiyati vujudga keldi. Mazkur jamiyatning va „Korneliye“ cherkov qoʻshiqchilik jamiyatining rahbari kompozitor va pianinochi K. Stankovich milliy musiqa madaniyatini shakllantirishga katta hissa qoʻshdi. Teatr musiqasi va vatanparvarlik qoʻshiqlari muallifi D.Yenko, serb yakkaxon qoʻshigʻi va romanei ijodkori Y.Marinkovich, musiqiy folklor toʻplovchisi, xor va cherkov musiqalari muallifi S. Mokranyas uning ishini davom ettirdilar. 1902-yil B.Yoksimovich birinchi milliy opera — „Milosh Obilichning uylanishi“ni yezdi. Shundan keyin S. Binichka, I. Baich, P. Krstich, V.Vuchkovich, M. Ristich serb musiqa madaniyatini rivojlantirdilar. Keyingi yillarda kompozitorlar P.Bergamo, P. Ozgiyan, E.Iosif, D.Radich, V. Mokranyas, dirijyor J. Zdravkovich, pianinochi 3. Marasovich, skripkachi L. Maryanovich, xonandalar N. va boshqa Sveichlar, V. Xeybal mashhur boʻddilar. S.da bir necha simfonik va kamer orkestr, 3 ta opera teatri, xor jamoalari, Musika akademiyasi va boshqa musiqa oʻquv yurtlari faoliyat koʻrsatadi.

Teatri haqidagi dastlabki maʼlumot 13-asrga taalluqlidir. Usha paytdagi bayram kunlari koʻchalarda tomoshalar koʻrsatilgan. 18-asr Voyevodinada E. Kozachinskiy pyesalari sahnalashtirildi. Maktablarda spektakllar koʻrsatildi. Aktyor, dramaturg va tarjimon Y.Vuyich S. va Voyevodina hududlarida bir necha truppalar tashkil etdi (1810) va dunyoviy teatrga asos soldi. 1825-yil NoviSadda S. Stefanovichning „Podsho Urosh V ning oʻlimi“ pyesasini xdvaskorlar truppasi sahnaga qoʻydi. 19-asrning 40y.laridan muntazam ishlaydigan teatrlar paydo boʻldi. 1861-yil shu shaharda Serb milliy teatri, 1868-yil Belgradda Milliy teatr („Narodno pozorishte“) barpo etildi. Ularda V. Shekspir, F. Shiller kabi mumtoz yozuvchilarning asarlari bilan bir qatorda J. Yakshich, L.Kostich, B. Nushich kabi mahalliy mualliflarning pyesalari qoʻyildi. 1950-yil Belgradda Akademik teatr tashkil etildi. 20-asr oxirlaridagi tanikli teatr va kino arboblari: rej.lar X.Klayn, B.Borozan, B.Stupitsa, B.Xanauska, aktyorlar S.Severova, D.Milutinovich, M. Stupitsa, L.Bobich, L.Ravasi, V. Jivotich va boshqa

Kinosi. 1905-yil fotograf M.Manaki birinchi qisqa metrajli „Kirchi ayol“ filmini suratga olgan. Dastlabki hujjatli va xronika filmlari Bolqon urushlari va Birinchi jahon urushi voqealarini tasvirladi. 1910-yil „Karageorgiy“ deb atalgan birinchi badiiy film yaratildi (rej. I. Stanoyevichchicha). „Gunohsiz gunohkor“ (1928, rejissyor K. Novakovich) ovozeiz kino davridagi eng mashhur film boʻldi. Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarda milliy ozodlik janglari va tinch hayot manzaralarini ifodalovchi hujjatli filmlar dunyoga keldi. 1945—1948-yillarda „Zvezdafilm“ va „Avalafilm“ kinostudiyalari tashkil etildi. Fashizmga karshi kurash koʻp yilgacha S. kinematografiyasining yetakchi mavzularidan biri boʻddi. „Bu xalqyashayveradi“ (1947, rejissyor N.Popovich), „Katta va kichik“ (1956, rejissyor V.Pogachich), „Toʻqqizinchi doira“ (1960, rejissyor F.Shtiglits), „Neretvadagi jang“ (1969, rejissyor V. Bulayich) va boshqa shu jumlaga kiradi. Mumtoz va zamonaviy adabiyot asarlarini ekranlashtirishga ham ahamiyat berildi, zamonaviy mavzuda asarlar yaratildi. 70—80y.larda yangi avlod kinematografiyachilari (R.Grlich, S. Karanovich, G. Markovich va boshqalar) kino sanʼatini yangi mavzular va ifoda usullari bilan boyitdilar.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil