Seysmik xaritalar
Bu maqolada bir qancha muammolar mavjud. Iltimos, ularni tuzatib yordam qiling yoki shu muammolarni munozara sahifasida muhokama qiling.
|
Seysmik haritalar - zilzilalarni oʻrganishdan olingan maʼlumotlarning maʼlum masshtabli topografik haritalarda shartli belgilar bilan koʻrsatilgan tasviri. Ular, asosan, muayyan maqsadlarni nazarda tutib tuziladi. Hududlarning seysmik faollik darajasi zilzila epitsentrlari haritasida koʻrsatiladi. Unda epitsentrlardan tashqari zilzila oʻchoklarining chuqurligi, magnitudasi, kuchi va seysmostansiyalarning joyi ham tasvirlanadi. Shuningdek, yer ustida kuchli seysmik toʻlqinlarning tarqalishini belgilovchi izoseyst, seysmik tebranishlar, zilzila, oʻchogʻidagi jarayonni koʻrsatuvchi manba mexanizmi, seysmotektonika, seysmogen zonalar va umumiy seysmik hududlashtirish va boshqa haritalar mavjud. Umumiy Seysmik haritalar zilzilalar ehtimoli bor boʻlgan mamlakatlar miqyosida kuchli seysmik tebranish xavfini ballarda baholab, kurilishlar uchun meʼyoriy qoidalarini ishlab chiqishda keng foydalaniladi. Haritalarning masshtabi 1:2 500 000 boʻlib, taxminan har 10 yilda 1 marta tuziladi. 1978-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan, Geologiya va geofizika instituti va Oʻzbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonni seysmik hududlashtirish haritasi nashr etildi. Maxsus inshootlarni qurish uchun yirik masshtabli (1 000 000 — 200 000 gacha) haritalar tuziladi. Batafsil seysmik hududlashtirish haritalaridan murakkab va ekologik jihatdan xavfli boʻlgan texnologik obʼyektlarni (AES, issiklik elektr st-yasi, suv omborlari, kimyo, neftni qayta ishlash korxonalari va boshqalar) loyihalashda foydalaniladi. Bu haritalarda boʻladigan kuchli zilzilalarning joyi, magnitudasi va yer ustida toʻlqin tarqalishining soʻnib borishi ballarda koʻrsatiladi (561 betdagi sxematik haritaga q.). Seymik mikrorayonlashtirish (SMR) haritalarda zilzila oʻchogʻidan tarqalgan seysmik toʻlqinlarga relyef, geologik muhit, grunt suvlari va boshqa omillarning taʼsiri ballarda belgilanadi. SMR haritalari 5 000 — 100 000 li masshtablarda boʻlib, asosan, shahar, qishloq, shuningdek, baʼzi bir konkret obʼyektlarni loyihalashda ishlatiladi.
Rashod Ibrohimov.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |