Seysmologiya
Seysmologiya (seysmo... va ...logiya) — zilzilalar, ularning sodir boʻlish sabablari va oqibatlarini oʻrganadigan geofizika boʻlimi. S. fizika va geologiya fanlari bilan uzviy bogʻliq. Zilzilalarni Yerning geologik tuzilishiga bogʻlab oʻrganadi. S. vazifasi va tadqiqot usullariga koʻra, xususiy, seysmometriya va amaliy S.ga boʻlinadi. Xususiy S. zilzila, uningsabablari, zilzilalar bilan bogʻliq qodisalarning fizik va geologik tomonlarini oʻrganadi. Seysmometriya tebranishlar nazariyasi, zilzila vaqtida yer yuzasidagi tebranishlarni oʻlchash usullari, zarur asboblar ishlab chiqish kabi masalalarni oʻz ichiga oladi. Amaliy S. zilzilabardosh inshootlar qurish masalasi bilan shugʻullanadi. Seysmologik tadqiqotlar seysmik styalardan olinadigan va ilmiy markazlarda umumlashtiriladigan maʼlumotlar asosida oʻtkaziladi. Yerning seysmik holatini oʻrganish natijasida har bir hududning seysmik haritasi tuziladi, kichik, maydonlar (qurilish obʼyeklari) uchun seysmik hududlashtirish amalga oshiriladi. S.ning seysmik zondlash, seysmik karotaj, seysmik razvedka kabi usullari maʼlum. Zilzila jarayonida vujudga kelgan seysmik toʻlqinlarni oʻrganish natijasida Yerning ichki tuzilishini bilish mumkin. S. kuchli zilzilalarning sabablarini aniqlash hamda zilzilabardosh binolar qurish (qarang Seysmobardosh qurilish) yoʻllarini qidirib topish bilan bogliq holda vujudga keldi. S mustaqil fan sifatida 19-asr 2-yarmida geologiya va fizika fanlari erishgan yutuklar natijasida rivojlana boshladi. 19-asr oxirlaridan boshlab S.da asboblar yordamida kuzatish hamda fizikmatematik tadqiqot usullari qoʻllanila boshladi. S.ning shakllanishida rus olimi B. B. Golitsin, nemis geofizigi E. Vixert (19-asr oxiri 20-asr boshi), B. Gutenberg, ingliz olimlari J. Miln (19-asr 2-yarmi), X. Jefris, yugoslaviyalik geofizik A. Moxorovichich, yaponiyalik F. Omori (20-asr boshi) va boshqa katta hissa qoʻshdilar. Rossiyada 1888-yil Rossiya Geografiya jamiyatining Seysmik komissiyasi tuzilgan. Sobiq SSSRda S.ga oid asosiy tadqiqotlar SSSR Fanlar akademiyasi Yer fizikasi institutida olib borilgan. Toshkentda birinchi seysmik stansiya 1901-yil ishga tushirildi va Oʻzbekistonda muntazam instrumental seysmologik kuzatishlar boshlandi. Toshkent zilzilasi (1966) Oʻzbekistonda S.ning rivojlanishida muhim turtki boʻldi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshida Seysmologiya instituti tashkil etildi, Toshkent zilzilasining sabab va oqibatlari oʻrganila boshladi. Oʻzbekistonda zilzila haqidagi bilimlar doirasi kengaydi, zilzila darakchilarini aniqlashga doir ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Seysmik stansiyalar soni koʻpaydi, Toshkent geodinamik poligoni (tabiiy lab.) tashkil etilib, zarur asboblar bilan jihozlandi. Bu poligonda turli usullar yordamida kuzatish olib boriladi. Oʻzbekistonda yerning ichki tuzilishini, zilzila fizikasini oʻrganish zilzilani oldindan bilish, seymik apparatlar yaratish va mavjudlarini takomillashtirish, 1966-yilgi Toshkent zilzilasi sabablarini ilmiy jihatdan oʻrganish va boshqa masalalar bilan shugʻullaniladi. Seysmologiya institutida yer osti suvlari tarkibidagi turli inert gazlar va kimyoviy elementlar miqdorining zilziladan oldin keskin oʻzgarishlari kashf etildi (Mavlonov Gʻ. O., Sultan xoʻjayev A. N., Ulomov V. I. va boshqa, 1973-yil), yer osti suvlaridagi radon gazi miqdorini oʻlchaydigan asbob yaratildi, Oʻzbekiston xududini seysmik hududlashtirish va seysmotektonik haritalar tuzildi. Zilzila jarayonida yer osti suvlarining kimyoviy tarkibi oʻzgarishi ilmiy jihatdan isbotlandi. Oʻzbekistonda S. fani taraqqiyotiga Gʻ. O.Mavlonov, K, Abdullabekov, Ye. M. Butovskaya, V. I. Ulomov va boshqa katta hissa qoʻshishgan.
Qahhorbek Abdullabekov.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |