Shakarxon Xoliqboy qizi — (1879—1921) — Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakatida ishtirok etgan oltiariqlik dovyurak va jasur ayol qoʻrboshi. Shakarxon Turkistondagi milliy ozodlik harakatining faol ishtirokchisi[1].

Shakarxon
Shakarxon Xoliqboy qizi
Ayol qoʻrboshi
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1879-yil
Oltiariqning Poloson qishlogʻi
Vafoti 1921-yil
Turmush oʻrtogʻi Otajon
Otasi usta Xoliqboy

Tarjimayi holi

tahrir

Shakarxon Xoliqboy qizi 1879-yilda Oltiariqning Poloson qishlogʻida badavlat Xoliqboy oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi usta Xoliqboy boʻlib, uzoq yillar Oltiariq bozorida oqsoqollik qilgan. Voyaga yetgach, Qayragʻoch qishlogʻida yashovchi Otajonboyga turmushga chiqqan va ikki qiz, bir oʻgʻilni dunyoga keltirgan. Ular Rishtonning Qayragʻoch qishlogʻida yangi hovli qurib, shu yerda yashay boshlashadi. 1916-yilda Otajon vafot etib, Shakarxon beva qolgan.


Qoʻrboshilik faoliyati

tahrir

1918-yilning yozida Toshqoʻrgʻon qishlogʻiga Toʻychi qoʻrboshining uyiga Shakarxon kirib keladi. Shu tariqa u 500 nafardan iborat guruhga rahbarlik qiladi va Shakarxon qoʻrboshi sifatida Fargʻona vodiysida mashhur boʻladi. Turkiston Muxtoriyati tor-mor etilgach, Fargʻona vodiysida boshlangan milliy ozodlik harakatida eri Otajon bir guruh yigitlar bilan Qayragʻoch qishlogʻi ostonasida qizillarga qarshi kurashgan va notenglar janglarga magʻlub boʻlgan. Otajon va oʻgʻli Odilxon Shakarxon Xoliqboy koʻz oʻngida otib tashlangach, yoshi 40 ga yetib qolgan ayol qoʻliga qurol olib kurashga otlangan. Toʻychi qoʻrboshi bilan birgalikda qizillarga qarshi kurashib, 1918-yil oxirlarida butun Oltiariq hududini bolsheviklar taʼsiridan ozod qilgan. Shakarxon qoʻrboshi 1921-yilgi janglarda koʻksidan yaralanib halok boʻlgan. Shakarxon qoʻrboshining Adolat, Turgʻunoy, Lazokat ismli qizlari keyinchalik zamonaviy va ilmli kishilar sifatida faoliyat koʻrsatishgan. Uning avlodlari bugungi kunda Fargʻona viloyati Oltiariq tumani Poloson qishlogʻida istiqomat qiladi[2].

Manbalar

tahrir
  1. Rajabov Q. Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakati: mohiyati va asosiy rivojlanish bosqichlari (1918—1924 yillar). Toshkent: „Yangi nashr“, 2015 — 240-bet. 
  2. Rajabov Q. Turkiston qoʻrboshilari. Toshkent: „Fan“, 2022 — 400-bet.