Sidqiy Xondayliqiy

Shoir, xattot, tarjimon
(Sidqiy xondayliqiydan yoʻnaltirildi)

Sidqiy Xondayliqiy (taxallusi; asl ism-sharifi Sirojiddin Maxdum Mirzohidoxund oʻgʻli) (1884 — hozirgi Boʻstonliq tumani Xondayliq qishlogʻi — 1934) — shoir, xattot, tarjimon. Arab, fors tillarini oʻrgangan. Xattotlikka qiziqqan, zamonasining mashhur qilqalami Muhammad Shohmurod kotib (1850— 1922)ga shogird tushgan. S. tosh yoʻnib, unga ishlov berish, turli bezaklar tushirish, suratlar ishlash, muhr yasash bilan ham shugʻullangan. Ayni paytda sheʼr mashq qilgan. Shoir sifatida shakllanishida Kamiynknt xizmati katta boʻlgan. U boshliq adabiy davralarda faol ishtirok etgan. Ilk sheʼrlarini "Shuhrat", "Shevan" (nola, figʻon) taxalluslari bilan yozgan ("Tuhfai Shavkat", 1913; "Savgʻoti Shavkat", 1914 — toʻplamlar). Keyinroq barcha asarlarini S.X. taxallusi bilan chop ettirgan. Lirik sheʼrlarida mumtoz adabiyotimizdagi hayotiy, insoniy muhabbat, odamiylik singari yaxshi anʼanalarni davom ettirgan. Poetik merosining salmoqli qismini hajviyot va ijtimoiy sheʼrlar tashkil qiladi. Ijtimoiysiyosiy sheʼrlari esa davrning muhim voqealariga bagʻishlangan ("Muhoraba", "Yashasun yoshlar", "Toza hurriyat" va boshqalar). Mardikorlik voqealari haqida asarlar yozgan ["Rabo(t)chilar namoyishi". "Rabo(t)chilar kelishi", 1917].

S.X.ning "Rusiya inqilobi" dostoni (1917, mart) Rusiya inqilobi voqealarini keng epik planda tasvir etuvchi dastlabki asar. Dostonning haj.mi 1502 misra. Shundan 72 misrasi fors-tojik tilida, qolgani oʻzbekchada yozilgan. Voqealar 23 fevral — inqilobning birinchi kuni tasviridan boshlanadi, soʻng kunmakun beriladi. S. X. Fevral inqilobini quchoq ochib qarshi olsada, uning natijalaridan qanoatlanmagan. Doston inqilobdan keyingi sharoitni jiddiy va atroflicha tahlil etish, barchani birlikka, hamjihatlikka chorlash bilan yakun topgan. Bu gʻoya "Umidi ittifoq" (1918) tarjiʼbandida davom etadi. S. X. "Tazkirai imomi Aʼzam", "Sad irshodi mulla Sidqiy Xondayliqiy" ("Mulla Sidqiy Xondayliqiyning yuz nasihati"), "Mezoni shariat" (1915, 1917, 1992), "Zarbulmasali Sidqiy", "Holoti Sidqiy" kabi nasriy asarlar ham yozgan. Ularning koʻpchiligi diniyaxloqiy mavzuda. "Hikoyai latifa", "Bahrom va malikai Gulandom", "Ajoyib ulmaxluqot", "Oʻgʻri va qozi", "Boʻston" (Saʼdiy) kabi asarlarni tarjima qilgan. S. X. koʻchirgan devon, bayoz va risolalar, yasagan muhrlari nusxalari, toshlavhalar hamda chizgan Toʻychi Hofiz va Tavallo suratlari xususiy va davlat ku’ gubxonalarida, shuningdek, 20 dan ortiq bosma va k^;lyozma asarlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (R7629), 7631, R—7629—III).

Asoslar

tahrir
  • Navbahor, T., 1984;
  • Tanlangan asarlar, T., 1998.

Adabiyot

tahrir
  • Murodov A., Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan, T., 1971[1]

Manbalar

tahrir
  1. Begali Qosimov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil