Sergeli, sirgʻali — oʻzbek va qozoq xalqi tarkibiga kirgan qabilalar uyushmasi. Katta juz tarkibiga kirgan. S.larningbir kismi Zarafshon vohasi qipchoqlari va Jizzax viloyati yuzlarining tarkibiga mayda urugʻ sifatida qoʻshilganlar. Toshkent uyezdining Yettikent, Oqjar, Zangiota, Qoʻshqoʻrgʻon, Niyozbek volostlari va Toshkent vohasida S.lar 1074 xonadon (8125 kishi)ni tashkil etgan (1920-yilda oʻtkazilgan aholi roʻyxatiga koʻra). 19-asr va 20-asr boshlarida Qoziqurt, Qarjon, Chimyon toglarining etaklarida, Bodom, Keles, Chirchiq, Oqsoqota daryolari vohalarida yashagan. S.lar tarkibida 12 qabila (boyjigit, shaldar, botir, jaydaq, qaychili, qorakungirdak, oqkungirdak, qorabotir, tutamgʻali, eliboy, janaboy, aytboʻzim) mavjud boʻlgan. Bu qabilalar, oʻz navbatida, bir qancha mayda urugʻlarga boʻlingan. S.larning oʻz tamgʻasi va uroni (suroni) mavjud boʻlgan. Ular etnogeneziga koʻra, doʻglat, uysun qabilalari bilan qardosh hisoblanadi. S.lar, asosan, yarim koʻchmanchi chorvachilik, qisman dehqonchilik, hunarmandchilik (alacha, shol toʻqish, kigiz bosish) bilan shugʻullangan. S.larning avlodlari Toshkent viloyatining Yangiyoʻl, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Chimkent viloyatida yashab kelmoqda. Ayrim tumanlar toponimida S.lar tarkibidagi urugʻ nomlari saqlanib qolgan. Toshkent shahridagi tumanlardan biri S. deb ataladi.

Adabiyot

tahrir
  • Shoniyozov K. Sh., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil