Sirtordush xonligi
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Sirtordush xonligi — ilk oʻrta asrda Moʻgʻuliston hududida tashkil topgan davlat (628—646). 7-asrning 20y.larida Sharqiy turk xoqonligiaya roʻy bergan tabiiy ofat, ocharchilik, oʻzaro nizolar chuqur iqtisodiy-siyosiy tanazzulga sabab boʻlgan. Sirtordushlar, uygʻur, chibni, tuva, quvirqon, tlongʻut, buku, bayirgʻu, tungro, hun, izgil, kursu, qumiq, adiz, bulsar (baysar) kabi 15 qabila xoqonga boʻysunishdan bosh tortib, isyon koʻtarishgan. 628-yil sirtordushlar mustaqil xonlik tashkil etishgan. Sirtordush xonligi hududi sharqda tangʻutlar (xitoycha moxe) yurti, gʻarbda Gʻarbip turk xoqonligi, jan.da Tan sulolasiga mansub hududlargacha yetgan. Sirtordush xonligiga uygʻur, bayirgʻu, adiz, tungro, buku, barsuk, kabi kabilalar uyushmasi ham tobe boʻlgan. Sirtordush xonligi aholisi 140 ming oiladan oshgan. Tashqi siyosatda Sirtordush xonligi asosiy eʼtiborini Tan davlati bilan tinchtotuv yashashga va shu asosda oʻzini muhofaza etishga qaratgan. Biroq Tan sulolasi Sirtordush xonligi kuchayishidan xavotirga tushib uni yoʻqotishga harakat qilgan. 645-yil sirtordushlar hukmdori Inan vafot etgach, oʻgʻli Fayue xon qilib koʻtarilgan. Bu xonlikda noroziliklarga sabab boʻlgan. Tan sulolasi bundan foydalanib Sirtordush xonligini uygʻur qabilalari uyushmasi qoʻli bilan yoʻqotishga harakat qilgan va 646-yil oʻz maqsadiga erishgan. Uygʻurlar xitoylar yordamida Sirtordush xonligi oʻrniga oʻz xonliklarini tashkil etishgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |