Siyosiy partiyalar — ijtimoiy guruhlar manfaatlarini ifodalovchi, ularning eng faol vakillarini birlashtiruvchi siyosiy tashkilotlar. Siyosiy partiyalar jamiyat siyosiy tizimining muxim qismi, ular davlatning siyosiy yoʻnalishini belgilashda ishtirok etadi, hukumatning vakillik va ijro etuvchi muassasalarini shakllantiradi. Dastlabki Siyosiy partiyalar 17—18-asrlar inqiloblari davrida paydo boʻla boshlagan boʻlsada, Siyosiy partiyalarga oʻxshash jamoa, tashkilotlar qadimdan mavjud edi. Afina geteriyalari, Rim optimat va populyarlari antik davrda Siyosiy partiyalar vazifasini bajargan. Sp.ning universal shakli asosan, qarindoshlik aloqalari bilan boglangan kishilar guruhi va maxfiy tashkilotlar boʻlgan (Yorklar va Lankasterlar — oʻrta asrlar Angliyasida; Ali tarafdorlari — oʻrta asrlarda Arabistonda). Osiyo davlatlarida hozirgi kunda ham qarindoshlik va yurtdoshlik tamoyillarining siyosiy partiyalarning shakllanishi va faoliyat koʻrsatishida ahamiyati katta.

Markaziy Osiyoda siyosiy partiyalar tuzish uchun tarixiy-ijtimoiy vaziyat 19-asrning oxiri — 20-asrning boshlarida yuzaga kela boshladi. Jadidlar va maʼrifatparvarlarning xalq orasida maʼrifatni yoyib, uning siyosiy faolligini oshirish, ommani Chor Rossiyasi tarkibida muxtoriyatga erishishga daʼvat qilish, oʻlkada mustaqil milliy davlat yaratish masalasini oʻrtaga qoʻyish borasidagi harakatlari shundan dalolat berardi (qarang Jadidchilik). Lekin ularning intilishlariga chor hokimiyati va mahalliy hukmdorlar boshdan qarshilik qildi. Oqibatda, mintaqada 1917-yilgacha boʻlgan davrda siyosiy, nazariy va tashkiliy jihatdan yetuk Sp. shakllanib ulgurmadi. Okt. toʻntarishi arafasida va undan keyin oʻzini namoyon eta boshlagan siyosiy tashkilotlar va ularning rahbarlari qatagʻonga uchradi, badargʻa va surgun qilindi (qarang "Milliy ittihod", Yosh buxoroliklar, Yosh xivaliklar). Shoʻrolar davrida esa hukmron kommunistik partiyadan boshqa bironbir partiyani tuzish taqiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil boʻlganidan soʻng siyosiy partiyalarning shakllanishi va faoliyat olib borishiga imkoniyat yaratildi. Mamlakatda hozirgi paytda 5 ta siyosiy partiya (Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston „Adolat“ sotsial demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi) mavjud. Bu Siyosiy partiyalar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (1992-yil 8 dekabr), Oʻzbekiston Respublikasining „Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida“gi qonuni (1996-yil 26 dekabr), boshqa qonun hujjatlari, shuningdek, oʻz ustavi asosida amalga oshiradi. Siyosiy partiyalar tashkil etish huquqi Konstitutsiyaning 34-moddasida mustahkamlangan. Qonunga koʻra siyosiy partiyalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish maqsadida, oʻz xohish-irodalarini erkin bildirish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish, aʼzolarining teng huqukliligi, oʻzini oʻzi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik asosida tuziladi va faoliyat koʻrsatadi. Lekin, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishni maqsad qilib qoʻyuvchi; Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi; urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qiluvchi; xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi; milliy va diniy ruhdagi partiyalarni tuzish va ularning faoliyat koʻrsatishi taqiqlanadi. Siyosiy partiyalar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni boʻyicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qiluvchi shaxslar (sudyalar, prokurorlar va prokuratura tergovchilari); ichki ishlar organlari, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, harbiy xizmatchilar, xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Siyosiy partiyalarga aʼzo boʻla olmaydilar. Siyosiy partiyalarga aʼzolik faqat yakka tartibda qayd etiladi. Bir partiyaning aʼzosi ayni vaqtda 2 partiyaga aʼzolikka qabul qilinmaydi. Siyosiy partiyalarni tuzish uchun kamida 8 ta hududiy subʼyektda (viloyatda), shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida boʻlgan kamida 20 ming fuqaroning imzosi boʻlishi talab etiladi. Siyosiy partiyalar saylab koʻyiladigan davlat organlaridagi oʻz vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda, qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etadi. Oʻz partiyalarining siyesatini uyushqoklik bilan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Siyosiy partiyalarning fraksiyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarida partiya guruhlari tuziladi. „Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida“gi qonunda Siyosiy partiyalar faoliyatining kafolatlari, ularni tuzish, roʻyxatga olish, partiyalar mulki, ular faoliyatini toʻxtatish tartibi va boshqa masalalar toʻliq koʻrsatib berilgan[1].

Yana qarang tahrir

Manbalar tahrir

  1. Akmal Saidov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil