Somoniylar qo‘shinisomoniylar sulolasi boshqaruvi davrida tuzilgan muntazam yollanma qo‘shin. U muntazam xos qism va muvaqqat lashkarlarga bo‘lingan. Viloyat va tumanlardagi mahalliy hokimlarga tegishli lashkarlar ham ancha vaqtlargacha mavjud bo‘lgan.

Somoniylar qo‘shini
Turi: muntazam yollanma qo‘shin
Mamlakat: Somoniylar davlati
Faoliyat yillari: 875—999-yillar

Tarixi

tahrir

Somoniylar davrida mulkchilikning rivojlanishi, shaharlarning o‘sishi, davlat boshqaruvining markazlashuvi bilan saroydagi ko‘p sonli xos qism (gvardiya) asosida muntazam yollanma qo‘shin tashkil etilgan. Barcha harbiy ishlarni sohib ash-shurat devoni boshqargan. Sohib ash-shuratning yordamchisi — ariz o‘zining maxsus devoni arzi orqali qo‘shin xazinasini boshqarib, yiliga to‘rt marotaba jangchilarga maosh tarqatgan, qo‘shindagi intizom, qurol-yarog‘ va oziq-ovqat ustidan nazorat qilgan[1].

Xos qism bilan bir qatorda, lozim bo‘lganda yana Movarounnahr va Xurosonning ayrim mahalliy viloyat hokimlaridan ko‘p sonli lashkarlar to‘plangan. Istaxriyning xabar berishiga qaraganda, mamlakat ayrim okruglarga (kulob) ajratilgan bo‘lib, ular lashkar uchun ma’lum miqdorda jangchilar ajratishgan. Lashkarlarning harbiy qobiliyati yuqori bo‘lgan. Lashkar tashqi harbiy xavf tug‘ilganda, ichki nizolar, isyonlar paytida va ko‘chmanchilarga qarshi yurish tashkil etilayotganda to‘plangan. Lashkarlar o‘z hisoblaridan, mahalliy hokimlar hisoblaridan ta’minlangan va davlat qaramog‘ida bo‘lgan. Qurol-aslaha va oziq-ovqat bilan ta’minlash bevosita ma’lum vazifaga bog‘liq edi.

Qo‘shin tarkibida turkiy ko‘chmanchi qabilalardan tuzilgan yollanma qismlar ham bo‘lgan. Chegarani mahalliy hokimlar lashkarlari va g‘oziylar harbiy bo‘linmalari himoya qilgan. Davlat hokimiyatining asosiy tayanchini somoniylarning ko‘p sonli turkiy gvardiyasi tashkil qilgan. Zarurat tug‘ilganda somoniy amirlari viloyat va tumanlardan ko‘ngilli lashkarlardan katta qo‘shin to‘plashgan. Biroq keyinchalik somoniylar mehnatkash xalq ommasining ko‘magidan mahrum bo‘la borishlari va mulkdorlar separatik harakatlarining kuchayishi bilan mahalliy lashkarlar markaziy hokimiyatga xavf tug‘dira boshlagan. Shu sababli hokimiyat endilikda to‘liq ravishda jangovar turkiylardan olinadigan gvardiyaga tayana boshlagan.

Gvardiya bilan bir qatorda boshqa xil qo‘shin ham bor edi. Ibn Havqalning yozishicha, bu qo‘shin ozod mehnatkash dehqonlardan tashkil qilingan. Lashkarlar harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida oziq-ovqat bilan yaxshi ta’minlangan, hukumat ularga g‘amxo‘rlik qilib turgan. Mamlakat urush xavfi ostida qolganda yoki mamlakatda urush boshlanganida shu lashkarlar hukumat ta’minotidan tashqari ma’lum darajada o‘z mablag‘lari bilan ham o‘zlarini ta’minlab turganlar. Somoniylarga yarim qaram bo‘lgan Chag‘oniyon viloyati o‘z hisobidan o‘zini ta’minlay oladigan, o‘z otlariga ega bo‘lgan 10 ming askar yetkazib bergan[2]. Yurishlar vaqtida ko‘ngillilar qo‘shini asosan markaziy hukumat hisobidan ta’minlangan.

Manbalar

tahrir
  1. Ҳасанов Ф. Турон халқлари ҳарбий санъати. Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2018 — 241-bet. 
  2. Ўзбекистонда ҳарбий иш тарихидан (қадимги даврдан хозиргача). Тошкент: Шарқ, 2012 — 60-bet.