Stepan Grigoryevich Bogma (30.06.1902, hozirgi Poltava viloyati Zolotonosh tumani Zorevka qishlogʻi — 24.04.1981, Toshkent) — sovet agronom-paxtakori, Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1952).

Biografiyasi

tahrir

Maʼlumoti oʻrta maxsus, agronom — 1924-yilda Zolotonosh qishloq xo‘jalik texnikumini tamomlagan.

1930-yildan boshlab Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida yashagan. 1937-1941-yillarda Qumqo‘rg‘on tumanidagi 13-sonli sovxozda dala ekinlarini yetishtiruvchi vazifasidan tortib agronomgacha bo‘lgan lavozimlarda ishlagan.

30.10.1941-yilda Qizil Armiya 585-piyoda polki, sapyorlar safiga chaqirilgan. 213-piyoda diviziyasi 585-piyoda polkining 1943-yil 3-sentabrdagi 016\n-sonli buyrug‘iga asosan(faol armiya) Xarkov yo‘nalishidagi harbiy harakatlar paytida qo‘mondonlik transport vositalari va artilleriyalarining to‘siqsiz o‘tishini taʼminlash vazifasini bajarib, qisqa vaqt ichida ikkita minaviy magistralni tozalagani hamda keyingi o‘rinlarda artilleriya piyoda qo‘shinlari faoliyatining muvaffaqiyatli rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun Stepan Grigoryevich Bogma „Harbiy xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlangan.

Chap qoʻli shikastlanishi (ogʻir yaralanish) natijasida 1943-yilning noyabr oyidan 1944-yilning fevraliga qadar 2562-sonli evakuatsiya gospitalida davolangan.

26.9.1945-yilda demobilizatsiya qilingan.

Urushdan keyingi yillarda „30 yil Butunittifoq Leninchi Kommunistik Yoshlar Ittifoqi (VLKSM)“ sovxozida yashab faoliyat yuritgan. 1945-yil 2-noyabrdan katta agronom, 1955-yil 9-martdan 1964-yil 2-aprelgacha (nafaqaga chiqqunga qadar) OʻzSSR Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanidagi „30 yil VLKSM“ sovxozida direktor lavozimida ishlagan.

Sovxoz tomonidan 1951-yilda jut urug‘ini yig‘ish rejasini 43,2 foizga ortig‘i bilan bajargani uchun SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1952-yil 2-oktabrdagi Farmoniga asosan „Sotsialistik Mehnat Qahramoni“ unvoni, „O‘roq va bolg‘a“ oltin medali hamda „Lenin“ ordeni bilan taqdirlangan.

Stepan Grigoryevich Bogma „Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun“ (1946); „Ulug‘ Vatan urushidagi jasoratli mehnati uchun“ (1946); „Mehnat jasorati uchun“ (1947); „Shon-sharaf belgisi“ (1957); Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasining kichik oltin medali (1957); „Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 20 yilligi“ (1966); „Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 25 yilligi“; „V. I. Lenin tavalludining 100 yilligini nishonlashdagi jasoratli mehnati uchun“ (1970); „Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 30 yilligi“ (1979); „SSSR Qurolli Kuchlari 60 yilligi“ (1979) kabi qator order va medallar bilan mukofotlangan.

1964-yilda olimga „O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan agronom“ faxriy unvoni berilgan.

Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi, O‘zbekiston SSR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Vazirlar Sovetining faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan.

1953-yildan KPSS aʼzosi. KPSS XXII qurultoyi delegati (1961-yil oktabr).

1981-yil 24-aprelda vafot etgan. Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn etilgan.

Adabiyotlar

tahrir

• Ŭzbek Sovet Ėnt︠s︡iklopedii︠a︡si, 1971, t. 2, str. 304. • Ensiklopediya xlopkovodstva, 1985, t.1, str. 116.

Havolalar

tahrir