Tabrizning Rossiya tomonidan egallanishi

Rossiyaning Tabrizni bosib olishi 1909-yil 30-apreldan 1918-yil 28-fevralgacha davom etdi va 1915-yilning 6–31-yanvarida qisqa vaqt davomida toʻxtab qoldi[1]. Tabriz shahri oʻsha paytda Qajar Forsining ikkinchi shahri, Ozarbayjon viloyatining poytaxti va Qajar valiahdlarining anʼanaviy qarorgohi edi.

Tabrizning qulashi oldingi kunlardaTabriz himoyachilari.

Fors konstitutsiyaviy inqilobi paytida, 1908-yil 23-iyunda Tabrizda qoʻzgʻolon koʻtariladi. 1909-yil fevral oyi boshida shahzoda Ayn-al-davla boshchiligidagi hukumat kuchlari shaharni qurshab oladi. 20-aprel kuni qamal holatiga javoban Buyuk Britaniya va Rossiya „shaharga kirishni osonlashtirish, konsulliklar va chet el fuqarolarini himoya qilish uchun shaharni bosib olish maqsadida rus qoʻshinlarini yuborish kerak“ deb kelishib oladilar.

General Snarskiy boshchiligidagi rus qoʻshinlari 1909-yil 30-aprelda Tabrizni egallab oladilar. Tez orada qoʻshinni olib chiqish boʻyicha muzokaralar boshlanadi, ammo bu muzokaralar 1911-yilga qadar choʻziladi. 1911-yil 29-noyabrda Rossiya hukumati Fors hukumatiga ultimatum qoʻyadi[1]. Unga koʻra bir nechta talablar boʻlgan, lekin eng muhimi, yangi ishga kelgan amerikalik advokat Morgan Shusterni ishdan boʻshatish edi. Shuster (parlament) tomonidan mamlakatning moliyaviy ishlarini tashkil qilish uchun ishga olingan edi. Fors parlamenti Shusterni ishdan boʻshatishdan bosh tortgach, shoh parlamentni tarqatib yuboradi va Rossiya ultimatumiga rozi boʻladi.

Ultimatumga qaramay Tabrizda tartibsizliklar kelib chiqadi. 21-dekabr kuni fidoiylar rus qoʻshinlariga hujum qilib, unga katta talofatlar yetkazadilar. Bunga javoban rus imperatorlik armiyasining brigadasi generali Voropanov boshchiligida Tabrizga yuboriladi[1]. Uning maqsadi uchta yirik shahar: Tabriz, Anzaliy va Rashtni egallash edi. Rus istilosining eng shiddatli jangi Tabrizda boʻlib oʻtadi va konstitutsiyachilar tomonidan qarshilik koʻrsatiladi. Taxminan uch kundan keyin shahar aholisining mudofaasi buziladi. Ruslar Tabrizni artilleriyadan oʻqqa tutadi va 31-dekabrda shaharga kirib boradi[1].

Nazoratga erishgandan soʻng, ruslar fidoiyarni tergov qilish uchun harbiy sudlar oʻtkazadilar[1]. Ruslar Tabrizdagi konstitutsiyaviy inqilobchilarni va ularning qarindoshlarini, shuningdek, Tabrizning koʻplab tinch aholisini ommaviy ravishda qatl qiladilar. Qatl etilganlarning umumiy soni taxminan 1200 kishini tashkil etganligi taxmin qilingan. Ular orasida mahalliy shayxlik tariqatining yetakchisi Seqat-ul-Islom Tabriziy ham boʻlgan[1]. Ruslar Tabriz Arkining bir qismini ham oʻqqa tutib vayrona holatga keltirganlar. Ark rus qoʻshinlari tomonidan ushlab turilgan vaqtida yongʻin chiqadi[2].

1914-yil noyabr oyida Usmonlilar Birinchi Jahon urushiga kirgandan soʻng, Usmonli qoʻshinlari Rossiyaga qarshi Kavkazga tomon yurishadi. 1914-yil 17-dekabrdan 1915-yil 6-yanvargacha barcha rus qoʻshinlari Tabrizni tark etadi. Koʻpgina mahalliy nasroniylar – ossuriyaliklar, xaldeylar va pravoslavlar – ular bilan birga ketishadi. Ahmad Muxtor Bey Shomxal boshchiligidagi Usmonli kurdlari shaharni 8-yanvarda egallab oladilar[1].

Usmonli-kurd istilosi uzoq davom etmaydi. Usmonlilar Sariqamish jangida magʻlubiyatga uchrayi va ruslar 1915-yil 31-yanvarda shaharni qayta egallashga muvaffaq boʻladilar. Shahar 1917-yil noyabrdagi rus inqilobi qoʻshinlar oʻrtasida tartibsizlikni keltirib chiqarmaguncha rus nazorati ostida qolib ketadi. 1918-yil boshida evakuatsiya boshlanadi va 28-fevralda oxirgi rus askarlari Tabrizni tark etishadi. 18-iyunda Usmonlilar shaharni egallashga kirishadilar[1].

Galereya

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 V. Minorsky, C. E. Bosworth and Sheila S. Blair, „Tabriz“, in C. E. Bosworth (ed.), Historic Cities of the Islamic World (Leiden: Brill, 2007), pp. 486-498, at 496.
  2. Hasan Javadi. Letters from Tabriz: The Russian Suppression of the Iranian Constitutional Movement. Mage Publishers, 2008. ISBN 978-1-933823-25-6.