Tabu
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Tabu (polinezcha — taqiqlash) — 1) ibtidoiy jamiyat bosqichidagi xalqlarda tarqalgan taqiqlash tizimi. T.ning eng mukammal koʻrinishi Polineziyaaa saqlangan. Bu soʻz aslida Polineziyada paydo boʻlib, dastlab mashhur ingliz dengiz sayyohi J.Kuk (182879) tomonidan Yevropaga maʼlum qilingan va bayon etib berilgan. Polineziya xalqlari diniy eʼtiqodlariga koʻra, har bir inson tugʻilishi bilan qudratli gʻayri tabiiy kuch — "mana"ga ega boʻladi. "Mana" juda xavfli boʻlib, birovga tegsa oʻlim keltirishi mumkin. U tabaqalarga qarab har xil kuchga ega, qullarda "mana" boʻlmagan, ammo aksincha, buyuk sardorlar qudratli "mana" egasi hisoblangan. "Mana" tushunchasi "T." soʻzi bilan bevosita bogʻliq. Nimaiki "mana" egasi boʻlsa, oʻsha narsa xavfli, yaʼni unga tegish man qilingan — T. qoʻyilgan. Polineziya xalqlarida juda keng Tarqalgan T. tizimini kim buzsa, rioya qilmasa qabila boshliqlari, zodagonlar tomonidan qattiq jazolangan. Shuningdek, oʻsha davr tasavvurlariga koʻra, T.ni buzgan odamning gʻayri tabiiy kuchlar, ruhlar, xudolar kasallik yoki oʻlim bilan jazolaydi, deb tushunilgan. Orolliklarda xudo va ruhga, kohin va qabila boshliqlariga aloqador boʻlgan hamma narsa T.lashtirilgan. T. tizimi jamiyatda tabaqalanishni ifodalagan. T. obʼyektlari — buyumlar, soʻzlar, hayvonlar va boshqa bulishi mumkin. Aksariyat T.lar moddiy buyumlarga taalluqli bo'ladi. T. insoniyat jamiyati shakllanayotgan davrda individ xatti-harakatini jamoa manfaatlariga buysundirish ehtiyoji bilan bogʻliq ravishda kelib chiqqan bo'lishi mumkin. T. urug'chilik jamiyatida inson hayotining muhim tomonlarini, avvalo ekzogamiya nikohi meʼyorlariga rioya qilinishi (masalan, urugʻ ichida jinsiy aloqalarning taqiqlanishi)ni tartibga solgan. Jamiyat taraqqiy etgan sari T.ning bir qismi odat huquqiy meʼyoriga aylangan, koʻpchiligi esa dinga taqiq sifatida kiritilib, uni buzish gunoh hisoblangan. Hozirgi davrda ham T.ning baʼzi ko'rinishlarini uchratish mumkin. 2) Tilshunoslikda muayyan so'zlar, iboralar yoki atoqli otlarni qoʻllashni taqiqlash, man etish. Ibtidoiy davrlarda tabiat hodisalarining sirini bila olmagan inson qo'rquv uygʻotadigan sehrli va zararli yovuz kuchlardan, jin, arvoxlardan, ofatli kasallik va yirtqich hayvonlardan saqlanishning yagona chorasi ularning nomini aytishni man etish, atamaslik deb tushungan. Ayniqsa, kishi nomiga nisbatan T. keng tarkalgan. Masalan, oʻlganning nomini, dohiy yoki podshohning, maʼbudlarning nomini va baʼzi qarindoshlar (qaynota, qaynona, er, qaynogʻa)ning nomini aytish, ularni ovoz chiqarib chaqirish taqiqlangan va bunday atoqli otlar tegishli tavsifiy iboralar bilan almashtirilgan. Ovlanadigan, tirikchilik manbai boʻlgan hayvon nomlari, kishini seskantiradigan jonivorlar va boshqa voqea va jarayonlar ham baʼzan T.lashtirilgan. Masalan, chayon soʻzi, oʻzbek shevalarida eshak, benom, gazanda, ayriquyruq, beshboʻgʻin va boshqa nomlar bilan atalgan. Hozirgi tillarda o'lim haqida, ogʻir kasallik haqida to'gʻridan toʻgʻri gapirmaslik, yoqimsiz, noxush narsalarni eslash, eslatishdan qochish odatini ham T.ga kiritish mumkin. T. so'zlar oʻrniga boshqa so'zlar — evfemizmlar zarur boʻladiki, boshqa tillar singari, oʻzbek tilida ham bunday so'zlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Ochil Boʻriyev, Abduvahob Madvaliyev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |